Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev olib bordi.

Majlis kun tartibidan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish masalalari joy oldi.

Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi 11-14 sentyabr kunlari barcha siyosiy partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olgan edi. Saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi. Shundan kelib chiqqan holda majlis davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzullo Naimovich, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Varisova Maksuda Azizovna, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi.

– Nomzod saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin, – deydi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Orzigul Qozixonova. – Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli. Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas. Nomzodlar ishonchli vakillarining O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi. Ishonchli vakilga saylovoldi tashviqoti davrida tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish, noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish ta’qiqlanadi.

Shu bilan birga, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish), shu jumladan, axborot tarmoqlariga, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.

 

 Nurillo NASRIEV, O‘zA