Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 13 sentyabr kuni Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan 1-MDH o‘yinlarida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, jismoniy tarbiya va sport tizimi xodimlari, madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilarning ota-onalari qatnashdi.
Tatariston poytaxtida 4-11 sentyabr kunlari katta hayajon bilan o‘tkazilgan Hamdo‘stlik o‘yinlarida g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodani namoyish qilib, Yangi O‘zbekiston shon-shuhratini ulug‘lagan sportchilarimizga, ularning murabbiylariga gullar taqdim etildi.
1-MDH o‘yinlarida 150 nafardan ziyod sportchimiz 16 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etgan bo‘lsa, shularning 100 nafarga yaqini shohsupaga ko‘tarildi. Ularning muvaffaqiyati sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘ldi. Ilk bor tashkil etilgan o‘yinlarda O‘zbekiston sportchilari umumjamoa hisobida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Qo‘lga kiritilgan 91 ta medallar jamlanmasining 23 tasi oltin, 32 tasi kumush va 36 tasi bronza ekani nazarda tutilsa, bu g‘alabalarga Vatanni sevishdek muqaddas tuyg‘uga sobitlik, matonat va shijoat evaziga erishilgani ko‘ngilda iftixor hislarini jo‘sh urdiradi.
Hamdo‘stlik o‘yinlarining qahramonlarini kutib olish marosimida davlat va jamoat arboblari, sport faxriylari, ota-onalar, ziyolilar Tatariston poytaxtida o‘tgan musobaqalarning ahamiyati, umidli sportchilarimizning zafarli g‘alabalari haqida to‘lqinlanib gapirdi. Bunday musobaqalar sportchilarimiz uchun kelgusidagi nufuzli turnirlar, qit’a va Olimpiya o‘yinlarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishda poydevor vazifasini o‘tashi ta’kidlandi.
Qozon o‘yinlari tarixga aylandi. Uning natijalarini tahlil qilish, kerakli xulosalar chiqarish va keyingi sport o‘yinlari uchun rejalarni belgilash mutaxassislarga havola.
Vatan sha’nini xalqaro maydonlarda ulug‘lash tuyg‘usi ommaviy sport musobaqalarida shakllanadi. Shu ma’noda, Qozon musobaqalarida bahslashgan yosh sportchilarimiz sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilaridir.
1-MDH o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.Abduhakimov, B.Musayev ishtirok etib, yosh sportchilarga kelgusi nufuzli musobaqalarda omadlar tiladi.
MDH o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilarga davlatimiz tomonidan 25 million so‘m, kumush medalga sazovor bo‘lganlarga 15 million so‘m, bronza medalni qo‘lga kiritganlarga 10 million so‘mdan pul mukofoti belgilangan edi. Marosimda sportchilar, ularning murabbiylariga ushbu pul mukofotlari topshirildi.
Aeroportda zo‘r shodiyona bilan kutib olingan sportchilar delegatsiyasi yurt bayroqlari bilan bezatilgan avtobuslar karvonida Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, g‘oliblik marshini o‘tkazishdi. Muzaffar sportchilarimizni minglab yoshlarimiz, jamoatchilik vakillari olqishlab qarshiladi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA