Mamlakatimizda 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tobora yaqinlashgani sari ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik ishlari ham qizg‘in tus olmoqda. Milliy saylov qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar asosida mavjud siyosiy partiyalar saylovoldi tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning VII plenumi qaroriga asosan delegat sifatida belgilangan partiya siyosiy kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari vakillari, shuningdek, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qurultoyda O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham respublikamiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizga yanada to‘kis, farovon turmush sharoitlarini yaratish, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy sohalardagi islohotlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan siyosiy kuch sifatida ushbu saylovda munosib ishtirok etishga bel bog‘lagan. Partiya siyosiy kengashining joriy yil 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan VII plenumida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki haqida qaror qilingan edi. Shundan keyin partiya tomonidan taqdim etilgan tegishli hujjatlar Markaziy saylov komissiyasida ko‘rib chiqilib, saylovda ishtirok etish huquqi berildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37 va 62-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala qizg‘in muhokama qilindi. Delegatlar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Bahrom Abdurahimovich Abduhalimovning nomzodi tavsiya etildi. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari, partiyaning vakolatli vakili Abdukamol Rahmonov partiya siyosiy kengashining raisi, nomzod Bahrom Abduhalimov haqida qisqacha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, Bahrom Abduhalimov olim, ilm-fan fidoyisi, siyosatchi va rahbar sifatida o‘z o‘rniga ega, partiya tizimidagi o‘ndan ortiq hayotiy loyihalarni amalga oshirishda bosh-qosh bo‘lmoqda.

Mazkur masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar nomzodni qo‘llab-quvvatlab, barcha delegatlarni nomzodga ovoz berishga chaqirishdi. Delegatlarning barchasi ovoz berishda ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan  Bahrom Abduhalimov nomzodi ma’qullandi.

Shundan so‘ng nomzod B.Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini qurultoy qatnashchilariga ma’lum qildi.

Nomzodning saylovoldi dasturi ko‘p qirrali bo‘lib, qator hayotiy maqsad-vazifalar o‘rin olgan. Jumladan, davlat hokimiyati boshqaruvi yo‘nalishida fuqarolarning siyosiy huquq va erkinliklarini, erkin so‘zlash va fikr bildirish huquqlarini himoya qilish, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shu jumladan, jurnalist va blogerlarning huquqiy maqomini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish va ularni ijtimoiy himoya qilish, mahalliy hokimlarni saylash tizimini joriy etish va hokimlarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari raislari lavozimida o‘tirishiga chek qo‘yish, korrupsiyaning barcha ko‘rinishlari uchun qattiq jazo choralarini qo‘llash masalalariga alohida o‘rin ajratilgan.

Partiya nomzodi adolatlilik va sud-huquq yo‘nalishida ham muhim masalalarni ilgari surmoqda. Jumladan, shaxs daxlsizligi, shaxsiy daxlsizlik, mulk daxlsizligi, turar joy daxlsizligi, nabotot va hayvonot olami daxslizligi tamoyillariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, jinoyatchilikka, shu jumladan, davlat mulkini o‘zlashtirishga, poraxo‘rlikka, ta’magirlik, zo‘ravonlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi murosasiz kurashish, har qanday ko‘rinishdagi “samosud” uchun qat’iy jazo belgilash takliflari o‘z ifodasini topgan. Nomzod adolatsiz jarimalarni qayta ko‘rib chiqish, jarimalar birinchi navbatda xalqning real daromadiga mutanosib bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi.

Shuningdek, saylovoldi dasturda yagona tergov organi – Tergov qo‘mitasini tashkil etish va shu  orqali inson huquq va erkinliklarini xalqaro talablar doirasida ta’minlash kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy yo‘nalishda xodimni ekspluatatsiya qilishga qarshi keskin kurashish, har bir insonni hammabop va hamyonbop uylar bilan ta’minlash, uy-joylarning narxini keskin kamaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta’minlash, pensiyadagi yuqori cheklovlarni bekor qilish va har kimning mehnatiga, olgan maoshiga va ijtimoiy to‘lovlariga yarasha pensiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadlari ilgari surilmoqda.

— Partiyamiz nomzodining saylovoldi dasturida ta’lim, ilm-fan sohalariga alohida e’tibor qaratilgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, qurultoy delegati Dilmurod Ismoilov. — Xususan, maktabgacha ta’limning sifat va samaradorligini yuqori darajaga ko‘tarish, bog‘chalarga bolalarni uch yoshdan emas, ikki yoshdan boshlab, hech qanday navbatlarsiz yuz foiz qamrab olish, umumiy o‘rta ta’limning yangi standartlarini yaratish, a’lo baholar bilan o‘qigan iqtidorli kam ta’minlangan yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlash maqsadlari belgilangan. Oliy ta’lim kvotalarini butunlay yo‘q qilish va reytingi yuqori bo‘lgan talabalarning bepul oliy ta’lim olishini kafolatlash tarafdorimiz. Shuningdek, saylovoldi dasturda ta’lim tizimida kechayotgan tarqoqliklardan, qarama-qarshiliklardan voz kechish va uzviylikni ta’minlash uchun Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarini yagona – Ta’lim vazirligiga aylantirish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, dasturdan olimlarni, har qanday ixtiro va ixtirochilarni qo‘llab quvvatlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish bo‘yicha “Milliy dastur” yaratish, dori-darmon spekulyatsiyasiga chek qo‘yish, tarixiy qadriyatlarimizga asoslangan “Jamiyatda yurish-turish, odob-axloq qoidalari” kodeksini yaratish, buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomani qudratli huquqiy vositaga aylantirish va bu jarayonga hokimiyat aralashuviga chek qo‘yish, undiriladigan barcha to‘lovlarni (jarimalar, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy undiruvlar) to‘laligicha davlat byudjetiga yo‘naltirish, sifatsiz mahsulot chiqarish hamda narx-navolarni sun’iy ko‘tarishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun kuchaytirilgan jazo choralarini qo‘llash kabi masalalar ham o‘rin olgan.

Qurultoyda nomzodning saylovoldi dasturi, undan o‘rin olgan barcha masalalar delegatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Partiya faollari — Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi Narimon Umarov, Senat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor Botir Daminov, partiya viloyat kengashlari raislari va boshqalar nomzodning dasturida ilgari surilayotgan barcha maqsad-vazifalar hayotiyligi, dolzarbligi, adolatlilik va qonuniylik prinsiplariga tayanilgani bilan ajralib turishini e’tirof etdi

Muhokamalar jarayonida Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturini xalqimiz ongu shuuriga yetkazish partiya faollari oldida turgan muhim masala ekanligi qayd etildi.

Qurultoy yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod  Bahrom Abduhalimov jurnalist va blogerlarning savollariga javob qaytardi.

 

Muhtarama Komilova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA