Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F. Mamanov boshchiligidagi viloyat, tumanlar hokimligi mas’ul xodimlari va 50 ga yaqin salohiyatli tadbirkorlardan iborat delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun 1 ming 50 kilometr yo‘l bosib,  yetib bordi.

Bu haqda O‘zAga viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Elmurod Avazov xabar berdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasini har taraflama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu safar viloyatlardan borgan delegatsiyalar hududda tadbirkorlikni keng rivojlantirib, Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyatini oshirishga yordam beradi.

Surxondaryo viloyati hokimligi va tadbirkorlari so‘nggi yillarda Qoraqolpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Mo‘ynoq tumanida “Termiz ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mablag‘i hisobidan 3 milliard 400 million so‘mlik 300 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasini qurib, foydalanish uchun beg‘araz topshirdi. “Termiz ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Qoraqolpog‘istonlik tadbirkorlar hamkorligida qamish zarrachali plitalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Muynoq tumanida barpo etilayotgan zamonaviy korxona kelgusi yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.

Bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga borgan delegatsiya a’zolariga Vazirlar Kengashi Raisining Moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri N. Yerlepesov tadbirkorlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, tumanlarning o‘sish nuktalari ya’ni, drayver yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdi. Soliq qo‘mitasi mutasaddilari soliqlar bo‘yicha yaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, surxondaryolik tadbirkorlar ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlarini taqdim etdi.

Termiz shahridagi “O‘tan polvon” xususiy korxonasi Nukus va To‘rtko‘l shaharlarida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, “Glass Expo Surxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati oynaga ishlov berish korxonasini qurish, Oltinsoy tumanidagi “Sulton sharbati” mas’uliyati cheklangan jamiyati Nukus shahrida korxona ishlab chiqarilayotgan vino mahsulotlari do‘koni va zamonaviy restoran barpo etish taklifini ilgari surdi.

­ Endilikda tadbirkorlarimiz Qoraqalpog‘istonning eksport salohiyatini oshirishga ham ko‘maklashmoqchi,­deydi viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.Avazov.­ O‘nga yaqin salohiyatli tadbirkor Qozog‘iston donini qayta ishlab, un ishlab chiqarish va Afg‘onistonga eksport qilish istagini bildirdi. Bu korxonalarning har birida o‘rtacha 50 – 100 kishining bandligi ta’minlanadi. Surxondaryo viloyatida 500 ga yaqin xotin-qizni ish bilan taminlagan pokistonlik tadbirkor junni qayta ishlab, afg‘on gilamlarini to‘qish va xorijga sotish loyihasini amalga oshiradi. Bu yerda to‘quvchilar bor. Lekin, ip bilan ta’minlash, dizayner masalasi va eksport qilishda muammo mavjud. Bizning tadbirkorlarimiz qo‘shma korxona tashkil etib, ana shu muammolarni hal etadi. 400-500 ish o‘rni yaratadi. Gipsakarton, sement, buyoq ishlab chiqarish bo‘yicha ham istiqbolli loyihalarimiz bor.

Surxondaryolik tadbirkorlarning bu kabi loyihalarini amalga oshirish uchun Qoraqolpog‘iston Respublikasining savdo-sanoat palatasida shtab tashkil etilib, salohiyatli tadbirkorlar hamda Termiz shahar va barcha tuman hokimlari birinchi o‘rinbosarlari Qoraqolpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlariga biriktirildi.

Yaqin kunlarda Orol bo‘yida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun yana 30 yaqin surxondaryolik tadbirkor Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yo‘l oladi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA