Bugun poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yinlarida 8 oltin, 5 kumush va 6 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 160 dan ziyod davlat orasida 16 o‘rinni egallagan O‘zbekiston sportchilari tantanali kutib olindi.

Shu munosabat bilan mamlakatimizning havo darvozasi bo‘lmish muazzam aeroportda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, jurnalistlar g‘olib sportchilarimizni tantanali kutib olishdi.

Joriy yilgi sport mavsumida O‘zbekiston farzandlari dunyoning nufuzli musobaqalari – XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida butun jahonga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qildi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan shiddatli bahslarda ustun ekanligini isbotladi.

Irodali va jasoratli yigit-qizlarimizning Tokio sport maydonlaridagi azmu shijoatini dunyo ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib borgan yer kurrasidagi millionlab sport ixlosmandlari ularning g‘alabalari orqali quyoshli Vatanimiz O‘zbekistonni, salohiyatli xalqimizni, har bir qarich yeri duru durdonalarga boy mamlakatimizni yana bir bor yaqindan tanidi, tan berdi.

Sportchilarimizning XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘z g‘alabalari bilan barchamizning qalbimizda bir maqsad atrofida birlashish tuyg‘usini jo etgan, g‘urur-iftixorimizni tog‘dek ko‘targan muzaffarlik onlarining hovuri bosilmay turib, Tokio shahrida o‘tgan XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarida zafar quchgan irodali sportchilarimiz ko‘ngillarimizni yana g‘alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi bilan chulg‘adi.

O‘zbekiston paralimpiyachilari epidemiologik murakkab vaziyatga qaramasdan to‘rt yillikning nufuzli musobaqasiga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rganligi natijalarda o‘z aksini topdi. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlanish va ularda munosib qatnashishi uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratildi, ularning mahallasi, oilasiga alohida e’tibor qaratildi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.

XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning 48 nafar paralimpiyachisi 8 ta sport turi – parayengil atletika, parasuzish, paradzyudo, parataekvondo, parao‘q otish, parapauerlifting, parakanoe va paraeshkak eshish kabi sport turlarining 55ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 160 dan ortiq davlat orasida 16, MDH va Osiyo mamlakatlari ichida 4, turkiy tilli davlatlar orasida 2, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.

– Biz Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidanmiz. Xursandchiligimizning chek-chegarasi yo‘q. O‘g‘lim Paralimpiya o‘yinlariga ketish oldidan albatta oltin medal bilan qaytaman, deya va’da bergandi. Shukr, yuzimizni yorug‘ qildi. Dadasi Umarbek Ahmedov va Dehqonbozor qishlog‘idan ko‘plab qarindoshlar, do‘stlari, mahalladoshlarimiz bilan g‘olib farzandlarimizni kutib olish uchun keldik. Uchqunjoning Tokiodagi g‘alabasi butun xalqimizning yutug‘i, davlatimiz rahbarining yoshlarga ko‘rsatgan e’tiborining yorqin samarasi, deb bilaman, – deydi paradzyudo bo‘yicha oltin medal sohibi Uchqun Quronboyevning onasi Ruxiya Matnazarova.

– O‘zbekiston nomini ulug‘lagan sportchilarimizni kutib olish uchun Surxondaryoning Uzun tumanidan keldik. Farzandim Guljanoy Naimova parataekvondo bo‘yicha oltin medal sohibi bo‘lgan onlarni so‘z bilan ifoda etolmayman. Dilbandimning chempion bo‘lishida o‘z xizmatini ayamagan sport federatsiyasi mutaxassislariga, murabbiylariga rahmat. Qolaversa, bu yutuq davlatimiz tomonidan sportchilarimizga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning natijasidir, – deydi Go‘zal Tojiboyeva.

…Mana, orziqib kutilgan damlar keldi – ulkan havo kemasidan qo‘llarida Vatanimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targan paralimpiyachilarimiz chiqib kelmoqda. Karnay-surnay sadolari yoshlarning “Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari!”, “Irodali va matonatli sportchilarimiz – yurt faxri”, “Chempionlarimiz qaytdi” degan hayqirig‘iga ulanib ketadi.

Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va muxlislar usti ochiq avtobusda muhtasham poytaxtimizning ko‘rkam ko‘chalari bo‘ylab Yangi O‘zbekistonning ulkan salohiyati, xalqimizning aql-zakovati va orzu-intilishlari timsoli sifatida qisqa fursatda bunyod etilib, mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yillik shodiyonalari o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston” majmuasi sari yo‘l olishadi. Toshkent xalqaro aeroportidan “Yangi O‘zbekiston”ga qadar bo‘lgan keng va yorug‘ ko‘chalarning yo‘l chetlarida muzaffar sportchilarimizni muxlislar kutib olishdi, ularni olqishlashdi.

Muazzam majmuaning keng maydonida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, ota-onalar nomidan so‘z olganlar paralimpiyachilarimizning bu yuksak g‘alabasi xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlagani, mamlakatimizda so‘nggi yillarda sportni rivojlantirishga, jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ulkan samarasi ekanligini alohida ta’kidladi.

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan Uchqun Quronboyev va Guljanoy Naimova xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.

– Paralimpiya o‘yinlaridagi g‘alabamizni mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlaymiz, – deydi parayengil atletika bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi va rekordchisi Boburjon Omonov. – Olimpiyachilarimizni kutib olish marosimini ko‘rganimizda ularga chin dildan havas qilgan, biz ham nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, g‘alaba qozonamiz, deb niyat qilgan edik. Bugun ana shu niyatimizga yetganimizdan, bizni ham olimpiyachilarimiz kabi katta tantana bilan kutib olishganidan boshimiz osmonga yetdi.

“Yangi O‘zbekiston” majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda paralimpiya o‘yinlari g‘oliblarining har biriga 200 ming AQSH dollari, uy va avtomobil, kumush medal sovrindorlariga 100 ming AQSH dollari, avtomobil va xonadon, bronza medali sohiblariga esa 50 ming AQSH dollari, xonadon va avtomobil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi sifatida topshirildi.

E’tirofga munosib bo‘lmoq yurt farzandining qalb to‘ridagi niyati. O‘zbekiston sportchilari XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini namoyon etib, xolis niyatiga yetishdi. Istagimiz, matonat timsoli bo‘lgan sportchilarimiz kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2024 yil Fransiyaning Parij shahrida bo‘ladigan XVII Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da yuqori natijalarga erishib, Yangi O‘zbekiston dovrug‘ini dunyolarga doston etaversin.

Javohir TOSHXO‘JAEV,

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA