Avval xabar berilganidek, bugun poytaxtimizda Xalq demokratik partiyasining qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod va uning Saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinmoqda.

Qurultoyda delegatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng nomzod Saylovoldi dasturini e’lon qildi.

Dasturning asosiy maqsadi  mamlakatimizda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etishdir. Dastur loyihasida to‘qqizta yo‘nalishda taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyojdagi tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini, uy-joylar va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash, aholining barcha qatlamlariga yuqori sifatli va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlarning sifatli ta’limdan teng foydalanishini, xalq demokratiyasi va ijtimoiy tenglik, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro siyosat yo‘nalishlarida bir qator takliflar, maqsad-vazifalar belgilangan.

Masalan, birinchi yo‘nalishda aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish, ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoji bilan bog‘liq hamyonbop tovar va xizmatlar, arzon uy-joy va kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash, pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan  pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimini shakllantirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish doirasida o‘rta muddatli istiqbolda kam ta’minlangan aholi qatlamlari ulushini kamida 2 baravar qisqartirish maqsadida kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotning innovatsion ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy va soliq imtiyozlarini qo‘llash, o‘rta muddatli istiqbolda ish haqi darajasini yashash minimumidan kamida 1,5 baravar yuqori bo‘lgan (o‘zini-o‘zi band qilish va xususiy tadbirkorlikdan olinadigan daromadlar hisobiga) mehnatga layoqatli aholining barqaror ish o‘rinlarida bandligini ta’minlashga erishish maqsad-vazifalari belgilangan.

Shuningdek, nomzod dasturida aholining kam daromadli qatlamlarini hayot uchun zarur arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish, sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini ichki iste’mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bilan to‘ldirishga yo‘naltirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun arzon uy-joy qurishga imtiyozli ipoteka krediti berish amaliyotini takomillashtirish, “Kommunal xizmatlar tariflarini tartibga solish asoslari to‘g‘risida”gi, “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish kabi takliflar, maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA