Xo‘jaylidagi 1-son “Mehribonlik uyi”da respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi hamda tuman hokimligi tomonidan “Yangi O‘zbekiston farzandiman!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bӯlib ӯtdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, tuman hokimligi, keng jamoatchilik, targ‘ibotchilar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ayni paytda Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashayotgan butun aholi eng ulug‘ va eng aziz sanani katta yutuqlar bilan qarshi olmoqda. So‘ngi besh yil davomida jonajon O‘zbekistonimizda bir necha o‘n yilliklarga tatigulik, avval kuzatilmagan tub o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz berdi. O‘tgan qisqa vaqt ichida xalqimiz erkin va farovon yashashi uchun barcha sohalarda islohotlar amalga oshirildi va bu ishlar davom etmoqda. Mana shu o‘zgarish va yangilanishlarda davlatimiz rahbarining yoshlarga, ta’lim sohasiga, shuningdek, “Mehribonlik uyi” va boshqa maxsus ixtisoslashtirilgan internat tarbiyalanuvchilariga qaratayotgan e’tibori xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olmoqda.
Tadbir davomida “Men ham sportchi bӯlaman!” loyihasi doirasida O‘zbekiston birinchiliklari, Olimpiada ӯyinlari va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatlarga erishgan sportchilarning tarbiyalanuvchilar bilan uchrashuvi, Milliy gvardiya boshqarmasi tomonidan qurol-yaroq va jangovar texnikalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning kӯrgazmali chiqishlari tashkil etildi.
So‘nggi yillarda kitobxonlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalari, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targ‘ibotchilar orasida “Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi bolalar kitobi” kabi tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shuningdek, joriy yil 24 iyunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining “Umumta’lim maktablari kutubxona fondlarini adabiy kitoblar bilan ta’minlash maqsadida ularga mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi umumta’lim maktablari va hududlardagi kutubxona axborot-resurs markazlari kutubxonalari fondiga o‘zbek va qoraqalpoq tilidagi adabiy kitoblarni xarid qilish uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 1,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida “Uchinchi Renessansga mening hissam” loyihasi amalga oshirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Xӯjayli tumani hokimligi tomonidan “Mehribonlik uyi” kutubxona fondiga badiiy-adabiy asarlar to‘plamidan iborot sara kitoblar sovg‘a qilindi.
“Yangi O‘zbekiston” videoroligi namoyishi bilan boshlangan tadbirning so‘nggida “Mehribonlik uyi” bitiruvchilariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA