2021 yil 27 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Senat a’zolari, hukumat mas’ullari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis ishi Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.
Yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bog‘langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to‘laqonli yuritish mamlakatning dolzarb vazifalaridandir.
So‘nggi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilyapti.
Afsuski, yer bilan bog‘liq munosabatlarda talon-tarojliklar ro‘y bermoqda. Ushbu sohada korrupsiya avj olgan. Har kuni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yerni noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ma’lumotlardan xabardor bo‘linyapti.
Jumladan, 2020 yilda 67 nafar Kadastr agentligi mansabdor shaxsiga nisbatan 46 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan bo‘lib, yetkazilgan zarar miqdori 550 mln so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, 2021 yilning o‘tgan olti oyi davomida esa Kadastr agentligining 48 nafar xodimiga nisbatan 24 ta jinoyat ishi ochilgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 milliard so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.
Birgina 2020 yilda respublika bo‘yicha 50 mingga yaqin holatda 11 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sug‘oriladigan, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi.
Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida 11 214 ta holatda 2 000 gektardan ortiq yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Mutasaddi idoralar tomonidan esa ushbu qonunbuzilish holatlarining bor-yo‘g‘i 1188 tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan xolos.
Kadastr bazasida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 2 million 746 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektining egalik huquqi belgilanmagan.
Shuningdek, mutasaddi idoralar tomonidan geografik ob’ektlar nomlarini davlat reyestriga kiritish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi oqibatida respublika bo‘yicha 1 123 ta ko‘cha nomsiz qolgan. Bu esa, o‘z navbatida, turli tashkilotlar, xususan, tez tibbiy yordam ko‘rsatish muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning yashash manzillarini aniqlashda qiyinchiliklarni vujudga keltirmoqda, natijada aholining haqli e’tirozlari yuzaga kelayotir.
Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari tuman hokimliklari va kadastr bo‘limlari tomonidan to‘liq bajarilmagan.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 2021 yil 5 avgust holatiga ko‘ra, 90 690 ta fermer xo‘jaligidan 2 916 tasi bilan ijara shartnomasi to‘liq rasmiylashtirilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, fermer xo‘jaliklari va tuman hokimliklari o‘rtasida yer bilan bog‘liq turli nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Kadastr agentligi tomonidan o‘z faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Birgina Ochiq ma’lumotlar (data.gov.uz) bazasida joylashtirilishi lozim bo‘lgan umumiy ma’lumotlarning 55,5 foizi o‘z vaqtida joylashtirilmagan.
Yalpi majlisda ushbu sohada aniqlangan kamchiliklar borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi bo‘yicha Kadastr agentligiga tavsiya va takliflar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
bugungi kunda Orol dengizi fojiasi o‘zining gumanitar, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlarining ko‘lami jihatidan nafaqat mintaqamiz, balki umumsayyoraviy muammo ekanligini inobatga olgan holda uning negativ ta’sirini kamaytirish, Orolbo‘yi mintaqasida genofondni saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada yangi O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasining ekologik barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha respublikamizda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish bilan birga, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda ko‘plab tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Bunga yaqqol misol sifatida Prezident tashabbusi asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishini keltirish mumkin.
Hujjatda belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 29 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurslarni tejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq 7 ta yo‘nalishdagi 2021-2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Shu bilan birga, qaror bilan 2021-2024 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan 65 ta ustuvor innovatsion loyiha ham tasdiqlangan. Ularning ishga tushirilishi natijasida 4500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qolaversa, Oliy Majlis palatalari, shu jumladan, Senatga mazkur qaror hamda rezolyutsiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi bo‘yicha ta’sirchan va muntazam parlament nazoratini o‘rnatish tavsiya etilgan. Shu munosabat bilan ushbu qarorda belgilangan tadbirlarning vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi monitoringini amalga oshirish, ular ijrosini Senat a’zolari tomonidan chuqur tahlil etgan holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, tadbirlarning amalga oshirilishi va ularning natijadorligi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha mas’ul ijrochilarning axboroti eshitib borilishi muhim hisoblanadi.
Majlisda parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Bundan tashqari, tadbirlarning ijrosi ustidan uzluksiz va tizimli monitoring olib borish, hukumat va mas’ullarga parlament so‘rovlarini yuborish, joylarda deputatlik va senatorlik o‘rganishlarni tashkil qilish, rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati, uning vazifalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini aholi orasida tushuntirish va OAVda keng targ‘ib qilish ishlarini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Senatning tegishli qo‘mitalariga tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirlarni moliyalashtirishning ichki manbalarini shakllantirish va muvofiqlashtirish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni tatbiq qilishning institutsional bazasini rivojlantirish borasida vazifalar belgilab berildi. Ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish, ilm-fanni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilishi zarur bo‘lgan ishlarga urg‘u berildi.
Bundan tashqari, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yana bir bor alohida e’tibor qaratgani, u yerda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun boshqa hududlardan ishbilarmonlarni jalb etish, ularga turli imtiyoz va preferensiyalar berish masalasi senatorlar tomonidan keng muhokama qilindi.
Shuningdek, bu borada Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Orolbo‘yi mintaqasini ko‘p tomonlama barqaror rivojlantirish “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, unda “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” shiori ostida boshqa hududlardan kelgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarni nazarda tutish hamda ularga turli imtiyoz va preferensiyalar berish bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildilar.
Hujjat sug‘urta faoliyatini tartibga solish, sohaga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy qilish hamda sug‘urta sohasidagi iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, sug‘urta turlarini ko‘paytirish, barqarorligini ta’minlash bilan mutanosib ravishda aholining sug‘urta madaniyatini oshirish ham nazarda tutilgan.
Qonunda sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari (sug‘urta tashkilotlari, sug‘urta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlar) huquq va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.
Qolaversa, sug‘urta shartnomalarini elektron tarzda internet orqali tuzish jarayoni qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Hujjatning qator yangi normalari sug‘urta xizmati iste’molchilari va sug‘urta faoliyatining boshqa sub’ektlari huquqlari himoyasini mustahkamlash, aholining sug‘urta savodxonligini oshirish va ularning sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sug‘urta bozorining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilgan qonun sug‘urta sohasida tajribadan o‘tgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslanganini ham alohida qayd etish joiz.
Umuman olganda, qonun sohadagi ko‘plab vazifalarni hal etishga qaratilmoqda. Jumladan, ushbu hujjat bilan sug‘urta bozori professional ishtirokchilari faoliyatini jonlantirish, shuningdek, umumiy sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining rolini oshirish orqali sug‘urta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari va sug‘urta faoliyatining boshqa sub’ektlari huquqlari himoyasini mustahkamlash, aholining bu boradagi savodxonligi va ishonchini oshirish, sug‘urta bozorining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash kabi masalalar qamrab olinmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun qishloq xo‘jaligi kooperativlari faoliyatini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi ishlab chiqarish kooperativining shakllaridan biri bo‘lib, tijorat tashkiloti hisoblanadi.
Qonun bilan qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari faoliyatining asosiy tamoyillari mustahkamlanmoqda. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etish mexanizmlari, xususan, kooperativni tashkil etish va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi kooperativlariga berish va ulardan foydalanish tartibi hamda qishloq xo‘jaligi kooperativining ustaviga doir talablar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, kooperatsiyaning boshqaruv organlarini tashkil etish tartibi, ijro etuvchi organlari, kuzatuv kengashi va ularning vakolatlari, yig‘ilishlarni chaqirish va qarorlarni qabul qilish tartibiga oid normalar nazarda tutilmoqda.
Qonunda qishloq xo‘jaligi kooperativi mulkini shakllantirish manbalari, pay badallari va pay fondi, foyda va zararni taqsimlash, kooperatsiya va a’zolar mulkiy javobgarligining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zolikka doir masalalar ham ochib berilyapti. Xususan, o‘n olti yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativi ustavi talablariga mos bo‘lgan yuridik shaxslar qishloq xo‘jaligi kooperativining a’zosi bo‘lishi mumkinligi keltirilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativining faoliyati ustidan nazorat qilish mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi kooperativining ustavida kooperativ taftish komissiyasini tuzish, ya’ni taftishchini saylash nazarda tutilishi mumkin.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirishning huquqiy asosi yaratiladi, kooperativlar faoliyati rivojlantiriladi, xo‘jalik sub’ektlari uchun munosabatlar to‘liq huquqiy tartibga solinadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Yalpi majlisda yurtimiz aholisining tinch, osoyishta hayoti va xavfsizligini ta’minlashda Davlat xavfsizlik xizmatining o‘rni beqiyosligi ta’kidlandi.
Mazkur qonunda 26 sentyabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yilning 5 aprelida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi. Natijada Prezidentimizning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish siyosatiga mos bo‘lgan shaffof, davlat va xalq manfaatini himoya qiluvchi organ yaratildi.
Shu sababli, 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida 5 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.
bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi.
Ushbu hujjat qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi va 26 sentyabr tarixiy sanasi asosida yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.
Mazkur qonunning ma’qullanishi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ma’naviy-ruhiy kayfiyatini, xizmat uchun faxr tuyg‘usi yanada kuchayishi, avlodlar o‘rtasida ustoz-shogird an’analari saqlanib qolishi, xizmatning faxriylariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, xorijiy hamkorlar o‘rtasida davlat xavfsizlik idoralari imijini mustahkamlash imkonini beradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Qonun tegishli normativ-xuquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish, olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlarida ishlash istagini bildiradigan oliy ma’lumotli mutaxassislar soni oshishi hamda aholi daromadlarining ortishiga xizmat qiladi.
Jumladan, qonun bilan pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri bo‘lgan turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan vaqtinchalik imtiyozlarni qo‘llash muddati 2022 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilmoqda.
Qonun elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini (elektromobillar) sotib oluvchilar, olib kiruvchilarni yig‘im to‘lashdan ozod etilishini ham nazarda tutmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos “o‘sish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan ayrim hududlari uchun ham qonun bilan alohida soliq stavkalari belgilanmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Rishton tumanining “Cho‘ng‘ara” MFY, Farg‘ona tumanining “Shohimardon”, “Yordon” va “Hosilot” MFYlari (Toshtepa ko‘chasi) uchun foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq (byudjet tashkilotlaridan tashqari) va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 1 foiz miqdorida soliq stavkasi belgilanmoqda.
Ushbu qonun koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirish, tegishli sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlar shundan so‘ng “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildilar.
Ushbu qonun bilan mudofaa sohasidagi ayrim jarayonlarga yangilik va o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lsa-da, oilaviy-moddiy sharoitlari yaxshi ota-onalar roziliklari bilan ularning chaqiruv yoshidagi farzandlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash imkoniyatini berish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 21-moddasiga o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 6 martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha joylarda muntazam tegishli komissiyalar tuzish tizimi amaliyotga joriy etildi.
Bu esa “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning bir qator 18, 20, 21, 38 va 46-moddalariga o‘zgartish kiritish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2006 yil 12 maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Davlatga yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom qayta ko‘rib chiqilib, undagi javobgarlikni belgilovchi normalar “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘tkazilmoqda.
Hujjatning qabul qilinishi mamlakatimiz mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, fuqarolar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq yo‘nalishdagi qonun hujjatlarini yagona ko‘rinishga keltirish, sohada qo‘llaniladigan tushuncha, atama va nomlanishlarning bir xil talqin etilishiga xizmat qiladi.
Ushbu qonun fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligi hamda fuqarolarning mamlakat mudofaasini ta’minlashda ishtirok etishiga oid huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
Bu qonun ham senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish, shu jumladan, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan quyidagi o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritilayotgani ta’kidlandi:
bo‘sh sudyalik lavozimlariga nomzodlarning tanlov jarayonlarini internet jahon axborot tarmog‘i (shu jumladan, veb-sayt) orqali yoritib borishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilishi;
sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari vakolatlariga tegishli o‘zgartishlar va boshqa muhim qoidalar kiritilishi qayd etildi.
Qonunning qabul qilinishi natijasida ochiqlik va shaffoflik asosida sudyalar korpusini eng munosib kadrlar bilan ta’minlash mexanizmlari yanada takomillashtiriladi, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash orqali fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshiriladi, sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari yanada rivojlantirilishiga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Islohotlar natijasida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yanada kengroq joriy etildi. Yaratilgan qulayliklar tufayli fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi sezilarli holatda, keskin oshdi. Sudlar faoliyatiga joriy etilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzi va o‘rni oshishiga hissa qo‘shmoqda.
bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda sud tizimida “Ye-XSUD” axborot tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, qonun va qonun osti hujjatlarini yanada tartibga solish, ularda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilishni nazarda tutadigan huquqiy normalarni aniq belgilash taqozo etmoqda.
Qonun bilan 5 ta kodeks, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, sud ish raqami bo‘yicha sudyani “E-XSUD” axborot tizimi orqali o‘ziga kerak bo‘lgan sud hujjatlarini olish imkoniyati yaratilgani bois, qonun bilan qonunchilikda apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarining mazmunida va qaytarish asoslarida nazarda tutilgan “ish bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlarining sud tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ilova qilinmagan bo‘lsa” degan qoida bekor qilinmoqda.
Iqtisodiy protsessual kodeksiga joriy etilgan va bugungi kunda ijobiy natija bergan, ya’ni soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti Fuqarolik protsessual kodeksiga ham qo‘llanilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, ularning ortiqcha sarf-xarajatlarini tejashga erishiladi.
Shuningdek, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni to‘ldirib, mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzi oshishiga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon davom ettirilib, qonun va qonun osti hujjatlarni yanada tartibga solishni taqozo etmoqda. Qonun 14 ta moddadan iborat. Unga muvofiq 7 ta kodeks hamda 5 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, hujjat bilan mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishi, tizimlashtirilishi va saqlanishini ta’minlash shartligi belgilanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Milliy gvardiya bo‘linmalarida harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda maxsus unvonli xodimlar ham faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Biroq, ko‘pgina qonunlarda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, ichki ishlar organlari xodimlari haqida normalar mavjud bo‘lsa-da, Milliy gvardiya xodimlari to‘g‘risida so‘z yuritilmagan. Shu bois, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunlar, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet va Soliq kodekslariga Milliy gvardiya xodimlari bilan bog‘liq tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq norma boshqa normativ hujjatlarga muvofiqlashtirilmoqda. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu o‘zgarishlarning kiritilishi insonning shaxsiy daxlsizligi oliy qadriyat ekanligi munosabati bilan insonning shaxsiy hayoti, uning shaxsiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatishdan jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarlik tahdidi bilan tiyilishi va umuman unga doir ma’lumotlar bilan qonuniy ishlash samaradorligi oshirilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning o‘zida bir necha marotaba Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga tashrif buyurgan edi.
Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish tashabbusi ham mana shu tashriflar mahsulidir.
Qayd etish lozimki, Toshkent shahri aholisi soni 2021 yil 1 iyul holatiga 2 737,2 ming kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o‘sgan, aholining zichligi 1 kilometr kvadratga 7 564 kishini tashkil etadi. Bu esa, o‘z navbatida, kelajakda Toshkent shahrini rivojlantirish, uning hududini yanada kengaytirish kabi masalalarni yuzaga chiqaradi.
Toshkent shahri aholisi sonining yil sayin oshib borishi shaharda yangi ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rishni talab etadi. Bu kabi muammolar Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Shu bois, yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu masala Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan, 1 090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan (sug‘oriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Toshkent shahriga o‘tkazilayotgan Toshkent viloyatining tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.
Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o‘tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o‘tkazish orqali yangi manzil bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjeti hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklari kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslar avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqamlarini o‘zgartirish va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, yalpi majlisda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuborish haqidagi masala muhokama etildi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish holati hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.
bugungi kunda Byuro organlarining faoliyatida ayrim tizimli kamchiliklar mavjud ekanligi ta’kidlandi.
Tahlillarga ko‘ra, Byuro organlari 2020 yil 1 yanvar holatida jinoyat, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy sudlar va boshqa organlarning jami 48,7 trillion so‘mlik 3 788 927 ta ijro hujjati ish yurituvda bo‘lgan.
Yil davomida 34,5 trillion so‘mlik 2 698 476 ta ijro hujjati tamomlangan va tugatilgan. Shundan 15,1 trillion (31 %) so‘mlik 2 124 591 ta (56 %) ijro hujjati amalda undirilgan. Ularning 7,6 trillion so‘mlik 742 476 ta ijro hujjati muddati buzilgan holda ijro etilgan.
2021 yil 1 yanvar holatiga 14,2 trillion so‘mlik 1 090 451 ta ijro hujjati qoldiq bo‘lib o‘tgan. Shulardan, 3,2 trillion so‘mlik 368 250 tasi (40 %) ikki oylik muddati o‘tgan ijro hujjatlari hisoblanadi.
Shuningdek, normativ hujjatlarga asosan bitta ijrochiga bir oyda 19 ta ijro hujjati va bir yilda esa 227 ta ijro hujjatining ijrosini ta’minlash imkoniyati mavjudligi ko‘rsatilgan.
2021 yil 1 yanvar holatiga Byuro organlarida jami 2 320 nafar davlat ijrochisi faoliyat yuritadi. Har bir davlat ijrochisiga bir oyda o‘rtacha 470 ta ijro hujjatining ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotida ham qator muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, Majburiy ijro byurosi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan har haftaning belgilangan kunlari undiruvchi bilan ko‘rishib turish to‘g‘risida ijro hujjatlari mavjud.
Lekin “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘rishib turish va ijro etish tartibi to‘g‘risida biror bir modda ko‘rsatilmagan. Shuningdek, mehnat qonunchiligida mexanizm nazarda tutilmagan. Natijada davlat ijrochilari ushbu ijro ishlarini amalga oshirish uchun dam olish kunlari ham ishga chiqishiga majbur bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 80-moddasida undiruvdagi 6 ta navbat nazarda tutilgan. Lekin undiruvchi fuqarolar va tadbirkorlar ikkinchi va oltinchi talabda ko‘rsatilgan. Shu sababli fuqarolar va tadbirkorlar foydasiga undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlik undirilmay, tadbirkorlik faoliyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Mazkur masalalar tanqid qilindi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining 2020 yildagi va 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.
Ta’kidlanganidek, qo‘mita o‘z faoliyatida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi qonun, Harakatlar strategiyasi, Prezident farmon va qarorlari, Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomalari hamda nizomida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida muayyan ishlarni amalga oshirgan. Xususan, qonunlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, huquqni qo‘llash amaliyoti, parlament nazoratini amalga oshirish, davra suhbati va xalqaro anjumanlar tashkil etish yo‘nalishlarida jami 76 ta tadbir o‘tkazilgan.
Qonunchilik palatasidan kelib tushgan 23 ta qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, ularning 22 tasini ma’qullash va 1 tasini rad etish to‘g‘risidagi qo‘mita xulosalari Senat Kengashiga kiritilgan. Vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining 4 marta hisoboti, 24 marta axboroti eshitilgan. Muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘mita takliflari asosida hukumatga parlament so‘rovlari yuborilgan.
Senatga kelib tushgan 4700 ga yaqin murojaat qo‘mitada, 15 mingdan ortiq murojaat joylarda senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, 12 mingga yaqini, ya’ni 80 foizi ijobiy hal etilgan.
Byudjet va moliya munosabatlari yo‘nalishida hisobot davrida 10 ta qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, 12 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazilgan.
Davlat byudjetining ijrosi yuzasidan moliya vazirining axboroti (4 marta), mahalliy byudjetlar ijrosi yuzasidan tegishli viloyat hokimliklari axboroti (4 marta), uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, transport vazirlari va Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari axborotlari eshitilgan.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarga doir qo‘mita takliflari, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarda ham o‘z ifodasini topgan.
Pul-kredit siyosati yo‘nalishida 4 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilib, 2 marta Markaziy bank boshqaruvi raisining hisoboti eshitilib, 1 ta qonunning ijrosi bo‘yicha monitoring o‘tkazilgan.
Qo‘mita takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni va 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi loyihasida ham o‘z ifodasini topgan.
Qo‘mita tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida 13 ta qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan. 3 ta qonun ijrosi holati yuzasidan monitoring o‘tkazilgan va iqtisodiyot tarmoqlari, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan 7 marotaba davra suhbati, seminar va konferensiyalar tashkil etilgan.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish va bozor mexanizmlarini keng joriy etishga oid qo‘mita taklif va tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmonida o‘z ifodasini topgan.
Andijon viloyatida investitsiya dasturlari ijrosini ta’minlash, byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish, Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish hamda Yer kodeksiga muvofiq mazkur viloyatda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning kafolatlari ta’minlanishi holatlari o‘rganildi.
Qo‘mita faoliyati yo‘nalishlarida hali o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi qayd etildi.
Pul-kredit siyosati masalalarida:
shaffof tanlov asosida banklardagi davlat ulushini nufuzli xorijiy investorlarga sotish orqali davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayonini davom ettirish;
xalqaro standartlar va ilg‘or tajribani qo‘llagan holda banklarda “xatarga” asoslangan nazorat tizimini tatbiq etish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirishni o‘rganib borishi zarur.
Iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish masalalarida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy rivojlantirish dasturining ishlab chiqilishi qo‘shni davlatlar bilan kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish masalalarini ustuvor vazifa sifatida belgilashi maqsadga muvofiq.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda 18 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati