Poytaxtimizda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.

Unda joriy yil 24 oktyabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtirokiga oid va Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Xususan, partiyadan Prezidentlikga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish uchun qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan Maqsuda Vorisova partiyaning qurultoyida ko‘rib chiqish uchun nomzod sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga Maqsuda Vorisova Azizovna nomzodini ilgari suradi.

Saylov kodeksiga asosan Markaziy saylov komissiyasi partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni 5 kunlik muddatda ko‘rib chiqib, ariza qanoatlantirilgan holatda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.

Shuningdek, plenumda partiyaning yangi ramzini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham qizg‘in muhokama etildi. Ishchi guruhi partiyaning yangicha siyosiy brendini yaratish, logotipini yangilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Mutaxassis va ekspertlar, faollar hamda faxriylardan partiyaning ko‘p yillik ramzlarini o‘zgartirish bo‘yicha 30 ga yaqin taklif olindi. Ishchi guruh uzoq muhokamalardan so‘ng tanlagan takliflar bo‘yicha fikr-mulohazalar ham tinglandi.

Xalq demokratik partiyasining yangi logotipi parallelogramm shaklida bo‘lib, binafsha va oq rangda aks ettirilgan, markazida “XDP” degan yozuv tushirilgan.

Ramzdagi binafsha rang – mehr-oqibat, saxovatlilik ramzi bo‘lib, yetakchilar, liderlar rangi hisoblanadi. Ushbu rang partiya o‘z elektorati vakillari manfaatini himoya qilishga, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligiga ishoradir.

Oq rang tinchlik-xotirjamlik, ijtimoiy birdamlik va barqarorlik kabi azaliy va ezgu g‘oyalarni ifodalaydi.

Taklif va mulohazalardan so‘ng Xalq demokratik partiyasining yangi logotipi va bayrog‘i qabul qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA