Orol dengizining qurigan maydonlarida, ya’ni o‘rmonlashtirish tadbirlari olib borilayotgan sinov uchastkalarida saksovul o‘simligining ko‘karuvchanligini 80 foizgacha oshira oladigan yangi innovatsion texnologiya qo‘llanildi.

Ya’ni, suvda eriydigan polimerlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi SNF kompaniyasining Akvasorb 3005 (gidrogel) mahsuloti saksovul ekish jarayoniga tatbiq etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi ishtirokida BMTning O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirila boshlagan mazkur tadbir joriy yil mart oyida boshlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Murat Jollibekovning ta’kidlashicha, ushbu mahsulot o‘simlikning ildiz zonasida va atrofida namlikni saqlab, suvdan foydalanishni optimallashtiradi va o‘simliklarning o‘sishini tezlashtiradi.

2021 yil 29 may kunida ushbu sinov uchastkalarida ekilgan saksovullarning ko‘karuvchanligi o‘rganilib, monitoring ishlari olib borildi. Natijada 1 litr suvga 10 gramm Akvasorb 3005 (gidrogel) mahsuloti ishlatilgan uchastkada saksovul o‘simligining ko‘karuvchanligi 80, nazorat tariqasida, ya’ni gidrogel qo‘llanmasdan ekilgan uchastkada esa saksovul o‘simligining ko‘karuvchanligi 20 foizni tashkil etganligi aniqlangan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, 1 litr suvga 10 gramm Akvasorb 3005 (gidrogel) mahsulotini ishlatish Orol dengizining suvi qurigan tubida saksovul o‘simligining ko‘karuvchanligini oshirishda muhim innovatsion texnologiya ekanligi ma’lum bo‘ldi va bu amaliyotga keng joriy qilina boshlandi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA