Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Turon” o‘yingohida Prezident maktabiga talabgor o‘quvchilar uchun test sinovlarining dastlabki bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2018 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Prezident maktablarini tashkil etish va uni Nukus shahridan boshlash haqidagi taklifni ilgari surgan edi. Joriy o‘quv yilida Prezident maktabini 24 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning deyarli barchasi AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Shveysariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya, Avstraliya va boshqa davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirish baxtiga muyassar bo‘ldi.

– 2021-2022 o‘quv yili uchun 5-6 sinflarga jami 5381 o‘quvchi-yoshdan ariza kelib tushgan bo‘lsa, 5240 hujjat komissiya tomonidan qabul qilindi, – deydi Nukus shahridagi Prezident maktabi direktori Nursuluv Boltaboyeva. – Shundan 5 sinfga 2972 hujjat, 6 sinfga 2268 hujjat qabul qilingan. Jami 1620 o‘ringa mo‘ljallangan o‘yingohda matematika fanidan test sinovlarining dastlabki bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Test jarayonlarini shaffof va haqqoniy o‘tishini ta’minlash maqsadida ota-onalar uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratildi.

– Qizim Diyana Boltaboyeva Xo‘jayli tumanidagi 41-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinfini bitirib, Prezident maktabiga test sinovlarida ishtirok etdi, – deydi onasi Nasiba Matniyazova. – Biz, ota-onalar test jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Kim maktabda yaxshi bilim olgan bo‘lsa, test sinovlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, albatta qabul qilinadi. Barcha ishtirokchi o‘quvchilarga omad tilayman.

Test sinovlari ikki kun davom etadi. Har bir sinfdan 480 nafar o‘quvchidan jami 960 nafar o‘quvchi keyingi bosqichda ishtirok etish uchun yo‘llanma oladi. Ikkinchi bosqich sinovlari 20 avgustdan 25 avgustga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan eng bilimli 24 nafar o‘quvchi 5 sinfga, 24 nafar o‘quvchi 6 sinfga qabul qilinadi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA