Afg‘oniston xalqi – tinchliksevar xalq
Afg‘oniston – O‘zbekistonga eng yaqin, chegaradosh davlat. Mamlakatlarimiz xalqlarini nafaqat yaqin chegara, balki mushtarak tarix va din, adabiy meros va o‘xshash an’analar birlashtiradi. O‘rta asrlarda Movarounnahr va Xurosonda yetishib chiqqan buyuk allomalar jahon tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Qolaversa, Afg‘onistonning Hirot shahri buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tug‘ilib voyaga yetgan va dafn etilgan makon. Kobulda esa yana bir temuriyzoda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur dafn etilgan. Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.
Afg‘oniston bir paytlar boshqa mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari singari tinch va osuda yurt edi. Tashqi siyosat bobida betaraflik, turli harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatiga og‘ishmay amal qilardi. Yer osti boyliklari ham oz emas. O‘tgan asrning 70-yillarigacha ajoyib tabiiy boylik, noyob mahalliy sanoat yengil sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan baholi qudrat kun kechirardi. Turli millat va elat vakillari yagona osmon ostida ahillikda yashab kelardi.
O‘tgan asrning 70-yillari oxiridan boshlab bu mamlakat urushlar ichida hayot kechirmoqda, qanchadan-qancha begunoh insonlar qurbon bo‘ldi. BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida 5 milliondan ortiq afg‘onlar mamlakatdagi beqarorlik, qarama-qarshilik, ishsizlik tufayli o‘z vatanini tark etib, muxojiratga yuz tutdi. O‘z vatani taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan ko‘plab ziyolilar mamlakatdan bosh olib ketdi. Bugun afg‘onlar dunyoda eng ko‘p tarqalgan diaspora sanaladi…
Agar tashqi kuchlar, ayniqsa, dunyo siyosatida yetakchilikka da’vogar, o‘z geosiyosiy manfaatlarini boshqalardan ustun qo‘ygan davlatlar Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaganda edi, bu diyor ilgarigidek tinch-osuda hayot kechirardi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov jurnalistlar bilan suhbatda qayd etganidek, “haqiqatan ham, afg‘on mojarosi avvaldan ikki dunyo tizimlari o‘rtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilikning samarasi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «urush olovi» afg‘on xalqiga tashqaridan olib kirilganini va urush bu xalqning tanlovi emasligini” ochiqdan-ochiq aytdi. Hozirga qadar yirik kuch markazlari o‘z manfaatlari yo‘lida Afg‘onistonda to‘qnash kelmoqdalar. Mojaroga yangi ishtirokchilarning doimiy ravishda jalb etilishi afg‘on nizosining misli ko‘rilmagan darajada chuqurlashishiga keldi”. Afsuski, Afg‘onistondagi beqarorlik nafaqat O‘zbekiston va mintaqa, balki butun dunyoga xavf solayotgani ayni haqiqat.
Men jurnalist sifatida bu mamlakatga to‘rt marta ijodiy safar qilganman. Afg‘onistonliklar o‘zbekistonliklarni alohida ehtirom bilan kutib oladi, bizning mustaqil bo‘lib, rivojlanish yo‘lida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizga havas bilan qarashadi. Jafokash afg‘on xalqi bizdek tinch-osuda yashashni orzu qiladi. O‘zbeklarda “qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bor. Afg‘on xalqida bu maqol shu ma’noda ma’lum. Safarlar asnosida afg‘onlar biz bilan suhbatda yirik-yirik davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar Afg‘oniston muammosini muhokama qilayotganda va hal etish yo‘lini izlayotganda afg‘on xalqining siyosiy irodasini, turli etnik va siyosiy-diniy guruhlarning qarashlarini inobatga olishlari zarurligini aytishadi.
– Bizga, degandi shibirg‘onlik Oqo Muhammad, endi qurol-yarog‘ emas, qalam, daftar va kitob kerak!
Haq gap! Barcha jamiyatlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” turganida, har qanday mushkulotni hal etish mumkin edi. Ammo afsuski, Afg‘oniston sharoitida unday bo‘lmadi.
O‘zbekiston bu qo‘shni diyorga iqtisodiy jihatdan beg‘araz yordam berishdan tashqari, uning muammosini tinch siyosiy yo‘l bilan hal etish borasida ko‘p marotaba tashabbus ko‘rsatib kelgan. “6+2” muloqot guruhi yig‘ilishlari Toshkent shahrida o‘tkazilganidan xabarimiz bor. 2018 yil mart oyida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi tinchlik konferensiyasi o‘tkazildi va uning yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bundan ikki yil oldin, (2019 yil, noyabr) Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida “Afg‘oniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu mamlakatga tinchlik va taraqqiyot yo‘liga qat’iy qadam qo‘yishi uchun yordam berish barchamizning umumiy manfaatlarimizga to‘liq mos keladi” deb ta’kidlagan edi.
Ha, O‘zbekiston afg‘on xalqiga hamisha xayrxoh bo‘lib, yordam berib kelmoqda. Bizning Afg‘oniston bilan umumiy chegaramiz bor. Biz ko‘p asrlik mushtarak tarixga egamiz, xalqlarimiz taqdiri bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “ming yillar davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari yagona madaniy-tamaddun makonida rivoj topganlar”. Shu sababdan, biz, albatta, Afg‘onistonda hayot normal oqimga kirishidan, iqtisodiyoti tiklanishidan manfaatdormiz.
So‘ngi 3-4 yil mobaynida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida transport-logistika, energetika, savdo, madaniyat, ta’lim sohalarida ikki tomonlama aloqalarini rivojlantirish yo‘lida dadil qadamdar tashlandi va ijobiy natijalar ham qo‘lga kiritildi. Bundan bir necha yil oldin esa, O‘zbekiston Afg‘oniston uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihani amalga oshirdi, ya’ni “Hayraton – Mozori Sharif” temir yo‘lining 75 kilometrini qurib berdi. O‘zbekiston, shuningdek, bu mamlakatda elektr uzatish tarmog‘i va avtomobil yo‘llari, ko‘priklar barpo etishda yaqindan yordam berdi. Termizda Afg‘oniston yoshlarini o‘qitish markazi, yangi bojxona terminali, logistika markazi ochildi. “Mozori Sharif – Hirot” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish rejasi ham bor. Prezidentimiz “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasini “Asr loyihasi” deb ta’riflagan edi. Afg‘oniston bilan tovar ayirboshlash hajmini yaqin orada 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston so‘nggi uch yilda mintaqadagi integratsiya jarayonlari, hamkorlik va do‘stona muhitni yaratishda haqiqiy drayver ekanini isbotladi. Barcha ezgu rejalarni amalga oshirish mumkin, agar, Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilsa…
O‘zbekiston afg‘on xalqiga hamisha insonparvarlik yordamini yetkazib kelgan. Bir oy oldin bu mamlakatda koronavirus epidemiyasidan azob chekayotganlarga O‘zbekiston ming dona kislorod ballonlari yubordi. O‘tgan yili ham mamlakatimiz rahbari nomidan ezgulik poyezdi bilan koronavirusga qarshi kurashda zarur bo‘lgan tibbiy niqoblar, himoya kombinezonlari, kasallikni aniqlashga yordam beradigan teplovizor, pirometrlar, shuningdek, kiyim-kechak, un, yog‘, guruch va boshqa mahsulotlardan iborat insonparvarlik yuki Mozori Sharifga jo‘natildi.
Bir narsani unutmaslik kerakki, Afg‘oniston ham O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakat. U yerda pashtu, tojik, turkman, hazora, baluj va boshqa xalqlar bilan birga ko‘p millionli o‘zbeklar yashaydi. Ular ham Afg‘onistonda kechayotgan siyosiy-harbiy jarayonlar tinch yo‘l bilan hal etilishidan manfaatdor. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liq. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalasi eng dolzarb masala sifatida muhokama qilinishi ayni haqiqatdir.
Shoqahhor Salimov,
siyosiy sharhlovchi
(O‘zA)