Birlashgan Millatlar Tashkilotining Preventiv diplomatiya markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarining virtual formatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish hamda kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro terrorizm tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ushbu yo‘nalishda amaliy sa’y-harakatlarni ishlab chiqish muhimligiga ham e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik qaror topishiga yordam beradi.
Videokonferensiyada afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash hamda siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afg‘on xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish bo‘yicha mintaqaviy vazifalarni belgilab olish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ahamiyati haqida alohida so‘z yuritildi.
Mintaqa davlatlari ko‘magi bilan Afg‘oniston hududida energetika, transport-kommunikatsiya sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Afg‘onistonga ko‘maklashish, jumladan, pandemiya davrida insonparvarlik yordamini ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA