O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining bugun, 5 iyul kuni bo‘lib o‘tgan an’anaviy brifinggida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yoshlar kuni tadbirlari tafsilotlariga ham to‘xtaldi.

– 30 iyun mamlakatimizdagi katta bayramlardan biri – Yoshlar kuni. Ayniqsa, joriy yilgi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida bu bayramning ahamiyati ikki karra oshdi, deyish mumkin.

Shu boisdan ham, 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumiga Prezidentimiz shaxsan tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbarining yoshlarga e’tiborini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Botanika bog‘ida tashkil etilgan har bir ko‘rgazma yonida to‘xtab, o‘quvchi va talabalar bilan vaqtlarini ayamasdan suhbatlashdilar. Bunday samimiyatni ko‘rib, yoshlar ham o‘z fikrlarini, g‘oyalarini bemalol aytdi. Prezidentimiz ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shu yerning o‘zida rahbarlarga topshiriqlar berdi.

Tantanali marosimda davlatimiz rahbari barcha yoshlarni bayram bilan tabriklab, ma’ruza qildilar. Bu, aytish mumkinki, yoshlar masalasi bo‘yicha eng dolzarb vazifalar ko‘rsatilgan konseptual ma’ruza bo‘ldi. Unda yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha yettita, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha uchta, odob-axloq, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha beshta muhim yo‘nalish belgilab berildi.

Endi bu ulkan vazifalar bo‘yicha yangi dastur va qarorlar qabul qilinadi, – dedi Sherzod Asadov.

 

O‘zA