O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, bu yil mamlakatimizda yana 9 ta yangi oliy o‘quv yurti va 15 ta ta’lim yo‘nalishi ochiladi.
16 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda oliy ta’lim tizimidagi kamchiliklar tahlil etilib, sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangandi.
Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining haftalik brifingida mazkur videoselektor yig‘ilishi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
– Mamlakatimizda 117 ta oliy o‘quv yurti bor. Oxirgi yillarda xorijiy universitetlarning 26 ta filiali ochildi. Natijada bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi ilgarigi 9 foizdan 27 foizga oshdi. Xususiy va xorijiy oliygohlar ko‘payib, sohaga raqobat kirib keldi.
Yig‘ilishda ta’lim muassasalari uchun, yoshlar uchun yanada keng sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, oliygohlar boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish, ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, zamon talablariga moslashtirish, doktoranturaga kvotalarni 2 baravar oshirish, sohani raqamlashtirish orqali qog‘ozbozlikni kamaytirish, yotoqxonalarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Ular bu yilgi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida yoshlar uchun yangi imkoniyat bo‘ladi. Keyinchalik o‘qishga kiradigan ukalarimiz va singillarimizning manfaati uchun katta poydevor bo‘lib qoladi, – dedi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.