Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-may oylarida tarmoq inspektorlari tomonidan jami 12 ming 801 ta nazorat tadbiri, shundan 440 ta tekshirish, 12 ming 361 ta monitoring tartibidagi o‘rganish o‘tkazilgan.

Nazorat tadbirlari davomida jami 6 ming 375 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Ular bo‘yicha 660 ta yozma ko‘rsatma, 167 ta taqdimnoma kiritilgan, 5 ming 515 ta holatda ma’muriy chora qo‘llanilgan, 157 ta holatda hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Mamlakatimizda mavjud barcha qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarining yagona elektron bazasi ishga tushirildi. Elektron baza bugungi kunda 301 ming donadan ziyod texnika, jumladan, 14 ming dona haydov, 50 mingdan ortiq chopiq, 71 mingga yaqin transport traktori, 6 mingga yaqin g‘alla o‘rish kombayni, 31 mingdan ortiq melioratsiya va yo‘l qurilishi texnikalari, 1000 dan ortiq zamonaviy yuqori unumli paxta terish mashinalari va boshqa texnikalar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni jamlagan.

Elektron baza ishga tushirilishi natijasida texnikalarni ro‘yxatga olish, ro‘yxatdan chiqarish, ularning aniq xisobi va texnika holati hamda traktorchi-mashinist guvohnomasini berishni onlayn nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi.Texnikalarning elektron raqamli hisobi yuritilishi natijasida elektron bazani Davlat xizmatlari agentligi va Majburiy ijro byurosi bilan integratsiya qilish ishlari yakunlandi.

Buning natijasida shu kungacha Davlat xizmatlari agentligining 1 million 217 ming 280 ta hamda Majburiy ijro byurosining 2 ming 355 ta so‘roviga elektron shaklda to‘g‘ridan-to‘g‘ri, inson faktori aralashmagan holda ma’lumot almashinishi ta’minlandi. Shuningdek, elektron bazani Qishloq xo‘jaligi, Adliya vazirliklari va Davlat soliq qo‘mitasi bilan integratsiya qilish ishlari yakuniy bosqichga kirmoqda.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA