Bu haqda bugun, 14 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining brifingida ma’lum qilindi.
– Bu haftada ham Prezidentimizning kun tartibi tig‘iz bo‘ladi. Bugun sog‘liqni saqlash sohasiga oid masalalar va takliflar (birinchi navbatda onkologiya va gematologiya yo‘nalishlariga oid) hamda Toshkent viloyatining Tatariston bilan hamkorligi yuzasidan taqdimotlar, ertaga oliy ta’lim sohasidagi islohotlar va joriy yilgi qabul jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, 15 iyun kuni Prezidentimiz Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Al-Gergaviy, 16 iyun kuni esa Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov bilan uchrashuvlari mo‘ljallangan.
17-18 iyun kunlari Prezidentimizning Andijon viloyatiga safari rejalashtirilmoqda. Bular haqda hafta davomida yana xabar berib boramiz, – dedi Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov.
O‘zA