“Bizning zimmamizda ulkan mas’uliyat turibdi: nafaqat behuda yo‘qotilgan vaqtni o‘rnini to‘ldirishimiz, balki o‘zaro munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarmog‘imiz darkor.”

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi boshlandi.

Xabaringiz bor, mazkur tashrif asnosida Markaziy Osiyo xalqaro instituti Tojikiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha turkum maqolalar e’lon qilmoqda. Quyidagi tadqiqotda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari tarixi va rivojlanish istiqbollariga nazar tashlaymiz.

Ma’lumki, o‘tgan asrlar davomida qardosh xalqlarimiz Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar kabi xonliklar, shuningdek, Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan. Ammo o‘sha davrlarda ham o‘zbek-tojik xalqlari azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini davom ettirgan holda, o‘z yashash tajribasiga ega millatlar sifatida ahil va inoq umr kechirganlar.

Quvonarli jihati shundaki, xalqlarimiz mustaqillikka erishgach, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida yangi bosqichni ochdi – 1992 yil 22 oktyabrda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.

Ayni paytda ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va birgalikdagi jadal sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro munosabatlarni yanada taraqqiy ettirish strategiyasini belgilash va uni amalga oshirishda muhim qadamlar qo‘yilayotgani g‘oyat ahamiyatlidir.

Prezidentlarimizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan tashqi siyosati samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik va o‘zaro do‘stona aloqalar yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga yetdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandan so‘ng parlament qo‘shma sessiyasidagi ilk nutqida yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidlagan edi.

Sessiya yakunlangach, Prezidentimiz Tojikiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi, suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar rivojiga g‘ov bo‘ladigan muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur muloqot natijalariga ko‘ra, rasmiy doira vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbega yuborilib, delegatsiya a’zolari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan iliq va samimiy ruhda qarshi olindi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni Prezidentimizning o‘zaro manfaatli aloqalarda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish yo‘lidagi ikki tomonlama hamkorlikning barcha kompleks choralarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklifini bildirdi. Tojik tomoni yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar kabi qator sohalardagi aloqalarni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yo‘li ochilmoqda. Shu munosabat bilan, yuzaga keladigan voqeliklarni anglash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va aniq natijalarga erishish o‘ta muhim sanaladi.

Yana shunisi ahamiyatliki, 2017 yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, Prezidentlarimiz xalqaro doiradagi tadbirlarda ishtirok etdilar.

Jumladan, 2018 yil 9-10 mart kunlari O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan bo‘lsa, aynan o‘sha yili 17-18 avgust kunlari Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi uyushtirildi.

2018 yil 27-28 sentyabr kunlari Prezidentimiz MDH Davlat rahbarlari kengashi sammiti doirasida, 2019 yil 14-15 iyun kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida Tojikistonga amaliy tashrif bilan bordi.

Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti 2019 yil 29 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, 2018 yilda 4 marta (2 marta Dushanbe va Farg‘onada), 2019 yilda 2 marta (Termiz va Bekobodda), 2020 yilda Dushanbeda 1 marta Bosh vazirlar darajasidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Joriy yil 24 aprel kuni Xo‘jandda Hukumat rahbarlari uchrashuvi tashkil etilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Tojikiston Bosh vaziri 2021 yil 14 may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.

Shu o‘rinda mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ham muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash joiz. Jumladan, 2016 yil sentyabr oyidan buyon ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining 23 marotaba uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligining huquqiy asosini shu paytgacha imzolangan turli darajadagi 165 ta hujjat tashkil etadi. Ular orasida, ayniqsa, “Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma” (17.08.2018 y, Toshkent) va “Abadiy do‘stlik shartnomasi” (2000 yil 15 iyun, Dushanbe) ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga bu galgi rasmiy tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy bazasini sezilarli darajada kengaytirish va mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi munosabatlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga imkon beradigan 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 1991 yildan buyon ikki mamlakat parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq o‘zaro tashriflari amalga oshirilgan. Tojikiston Respublikasi Majlisi Olii bilan hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasining parlamentlararo guruhlari tuzilgan.

O‘zbekiston parlamenti vakillari MDH va SHHT missiyalarida xalqaro kuzatuvchi sifatida Tojikistonda o‘tgan parlament (2010-2020 yillar) va prezidentlik (1994, 1999, 2013 va 2020 yillar) saylovlarida faol ishtirok etdi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston yaqin hamkor mamlakatlar sifatida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham bir-birining tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

BMT doirasidagi o‘zaro hamkorlik shular jumlasidandir. Bu hamkorlik qo‘shma nutqlar, Bosh Assambleyada tashabbuslar va rezolyutsiyalarni ko‘rib chiqish, shuningdek, BMTning turli organlari uchun nomzodlar ko‘rsatish shaklida amalga oshirilmoqda.

Tojikiston BMT Bosh Assambleyasining O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va ustuvor rivojlanishni ta’minlash to‘g‘risida” (2018), “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (2018), “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va ustuvor rivojlanish” (2019) hamda Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarini (2021) ma’qulladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston 2017-2019 yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga Tojikiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.

So‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib, jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Ikki mamlakat rahbarlarining izchil sa’y-harakatlari va o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha belgilagan vazifalari samarasida 2018 yilda umumiy qiymati 202,5 ​​million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 92 ta bitim va shartnomalar imzolangan edi. Jumladan, O‘zbekiston tovarlari eksporti uchun qariyb 162,2 million dollarlik 83 ta shartnoma va 40,3 million dollarlik 5 ta import shartnomalari qabul qilindi.

2020 yilgi O‘zbekiston – Tojikiston biznes forumi yakunlari bo‘yicha qiymati 711,5 million dollarga teng 306 hujjat imzolangan bo‘lsa, shundan 516,13 million dollarlik 279 ta savdo shartnomasi va 195,4 million dollarlik 27 ta investitsiya loyihalari tasdiqlandi.

Natijada 2020 yilda 2016 yilga nisbatan o‘zaro savdo aylanmasi hajmi qariyb 500 million dollardan oshgani qayd etildi.

Tojikistonda sanoat kooperatsiyasi doirasida o‘zbek kapitali ishtirokidagi korxonalar, jumladan, aholi orasida talabgir maishiy texnika ishlab chiqaradigan «Artel Avesto Electronics» qo‘shma korxona barpo etilgan.

Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishdagi yana bir muhim voqea sifatida mamlakatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan “TALKO-KRANTAS” maxsus kommunal va qurilish transportini yig‘ish hamda sozlash qo‘shma ishlab chiqarish korxonasi ochildi.

Qolaversa, so‘nggi besh yil ichida korxonalar soni yanada ortib bormoqda. Ular savdo-sotiq, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab oladi.

Bundan tashqari, 2018 yilda “O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi” bitim imzolangani tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida viza rejimi bekor qilindi va aynan shu yili 17 ta nazorat punktlari ochildi. Mazkur ishlar ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bularning davomi sifatida, 2017 yilda Toshkent – Dushanbe avia qatnovlari qayta yo‘lga qo‘yilgani, G‘alaba-Amuzang temir yo‘lining qayta tiklanishi, A-377 xalqaro yo‘li Samarqand – Penjikent qismining ochilishi fikrimizning yorqin dalilidir.

O‘zbekiston – Tojikiston o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishda logistikaning ahamiyatini qayd etmasdan iloj yo‘q. Xususan, shu yil 3 iyun kuni Dushanbeda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari va Tojikiston transport vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, shuningdek, Tojikiston orqali Xitoyga o‘tadigan avtotransport yo‘nalishlarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Tojikiston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari samarasi bo‘lgan bu yutuqlarni, haqli ravishda, birodar tojik xalqiga bo‘lgan ulkan hurmat va ishonch namunasi, deya ayta olamiz.

Shuni g‘urur bilan aytishimiz mumkinki, xalqlarimiz o‘rtasida ming yillar davomida rivojlanib kelgan madaniy-gumanitar aloqalar va insonparvarlik g‘oyalari boshqa ko‘plab sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishda ishonchli asos vazifasini o‘taydi.

O‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan madaniy-gumanitar almashinuvlarning muntazamligi, tomonlarning ushbu sohani faol rivojlantirish bo‘yicha qat’iy xohish-istagini namoyish etadi. Bu boradagi hamkorlikni izchil davom ettirishga hattoki global pandemiya ham salbiy ta’sir ko‘rsatolmadi.

Bu kabi amaliy hamkorliklar qatorida joriy yil may oyida Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, uning doirasida “Ilhaq”, “Rangsiz tushlar”, “Xalq yuragi”, “Hamkorlik bo‘yicha navbatchi”, shuningdek, o‘zbek kinematografiyasi durdonalari bo‘lgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Sirli sandiq” filmlari namoyishi yana bir karra o‘zaro munosabatlarda mustahkam poydevor yaratdi.

Kino kunlari davomida Butunjahon O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish jamiyati loyihasi tomonidan nashr etilgan “O‘zbekistonning madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” kitob-albomlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, ikki mamlakat ilmiy-tahlil institutlari o‘rtasidagi aloqalar faollashayotganini ham qayd etish joiz. Xususan, joriy yil 2-5 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va rivojlantirish markazi vakillaridan iborat delegatsiya Tojikistonga tashrif buyurdi.

Safar davomida O‘zbekiston ilmiy-tahlil institutlari xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashning yangi “o‘sish nuqtalari” xalqaro ilmi-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.

Shuningdek, qator muassasalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Fanlar akademiyasining A.Donish nomidagi Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti, Tojikiston Fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti, Rus-tojik (slavyan) universiteti, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi diplomatik xizmati xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi o‘rtasida bitimlar tuzildi.

Bularning barchasi O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining ijobiy tus olishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.

 

Temur Rahimov,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA