O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlanib tashkil etilgan xayriya velomarafon yurtimizning eng go‘zal va so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan Andijon viloyatining Xonobod shahrida start oldi.

Ma’lumki, Orol dengizining qurishi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun sayyoramizga xavf solayotgan global ekologik muammolardan biriga aylangan. Shu sababdan ham Davlatimiz rahbari tomonidan mazkur xavfning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ushbu muammoga jahon jamoatchiligining e’tiborini qaratish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilmoqda. Qolaversa, qurib qolgan dengiz hududida butazor va daraxtzorlar barpo etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Orolbo‘yi hududida, dengizning qurigan tubida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat butazorlar barpo etilishi, hududda yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash borasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston ekologik partiyasi hamda boshqa qator tashkilotlar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Ekologik xayriya velomarafonini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda velosportni ommalashtirish, Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash hamda keng jamoatchilik e’tiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratilgan.

– Mazkur ekologik tadbirdan maqsad Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash, ekologik holatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar hamda faol fuqarolarning xayriya va homiylik mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov. – Ishonamanki, mazkur xayrli tashabbus butun xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Ekologik velomarafonda professional sportchilar bilan bir qatorda aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida konsert dasturlari, taniqli sportchilar, madaniyat xodimlari va olimlar ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

– Velomarafon doirasidagi tadbirlarda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etmoqda, – deydi Xonobod shahridagi Istiqlol mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari Yahyobek Matqosimov. – Ushbu tadbir yoshlarga Orol dengizi hududidagi ekologik xavf haqida ma’lumotlar berish bilan birga, ana shu hududda yashayotgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga, umuman, ekologik muammolarga befarq qaramaslikka undamoqda.

Velomarafon g‘oliblari hamda tadbirlarda faol qatnashgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.Ekologik velomarafon tadbirlari yurtimizning turli go‘shalarida davom etadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi barcha yurtdoshlarimizni yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tayotgan Ekologik xayriya velomarafonida faol qatnashishga hamda Mo‘ynoqni obod etish va ana shu hududda yashovchi aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qoladi.

 

Faxriddin UBAYDULLAEV,

Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA