Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, tegishli soha rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan band qilish, ularga tomorqadan foydalanish uchun yer ajratish, shuningdek, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kredit olishiga amaliy yordam ko‘rsatish borasida joylarda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimi xususida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida «mahallabay» ishlash tizimida «Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Vaqtinchalik tartib» asosida har bir tuman va sektor kesimida “mahallabay” «Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan 24 519 nafar ayol kiritildi. Joriy yilning 10 may holatiga ko‘ra, ulardan 22 484 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, 8008 nafarining bandligi ta’minlandi. 2402 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi, 685 nafariga tomorqadan foydalanishi uchun ko‘maklashildi, 2949 nafar ayolga tadbirkorlik qilishi uchun 28 milliard 938 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda jami 1098 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizga himoya orderi berilgan. Joriy yilning 4 oyi holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 311 nafar xotin-qizning 40 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 35 nafarining bandligi ta’minlandi, 7 nafariga tadbirkorligini boshlash uchun kredit ajratildi. Bundan tashqari nogironligi bo‘lgan 30 nafar xotin-qizga nogironlik aravachasi va 48 nafariga eshitish moslamasi yetkazib berildi.

Senatorlar va deputatlar tomonidan «Ayollar daftari»ning yuritilishi holati, jumladan, ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA