Munosabat

Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ekologik siyosat amalga oshirilmoqda.

Yurtboshimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amalga oshirilishi, mavjud muammolarimiz o‘z yechimini topayotgani, o‘z rivojlanish strategiyasiga ega mamlakatimizning jadal ravishda dunyo bilan tenglashish sari dadil qadamlari eng yirik misollarda keltirib o‘tildi.

Ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasining bu galgi sessiyasida ham davlatimiz rahbari: “Davrimizning o‘tkir muammolaridan biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda. Orolbo‘yi hududi – ekologik fojeaning markaziga aylandi, degan so‘zlariyoq buni tasdiqlab turibdi.

Darhaqiqat, Mo‘ynoq tumanidagi islohotlar jarayonlarini bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo hayrat va havas bilan kuzatmoqda.

Qator qonun loyihalari, qaror ijrolari sabab Mo‘ynoq tumani tanib bo‘lmas darajada yuksalmoqda.

Ma’lumki, yurtboshimiz 75-sessiyada «Orolbo‘yi mintaqasini – ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi» deb e’lon qilishi haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini bildirdi. Mazkur hujjat tasdiqlangan sanani esa “Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni” sifatida nishonlash maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Joriy yil 18 may kuni Prezidentimizning taklifiga binoan BMT ning umumiy majlisida «Orolbo‘yi mintaqasini – ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi» sifatida e’lon qilish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilindi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Prezidentimizning bu kabi oqilona ekologik siyosat yuritishi, jon kuydirishi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududi aholisi uchun fidokorona qilayotgan mehnatlari samarasi bo‘lishiga ishonadi. Bugun butun dunyo nazari Orol muammosiga yo‘naltirilgan, negaki ushbu fojeaning salbiy ta’siri natijasida O‘zbekiston sarhadlaridan chiqib, boringki, Grenlandiyaning muzliklariga tuzli qumlar ko‘chib borib, ularning erishiga olib kelganligi aql bovar qilmas fojea. Keyinchalik global iqlim o‘zgarishi, global isish, toza ichimlik suvi tanqisligi, inson salomatligiga putur yetishi – barchasi o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Hozirda insoniyat ekologik muhitning dolzarbligiga guvoh bo‘lmoqda, qolaversa har birimizning kelajagimiz ekologiya bilan bog‘liq. Ayniqsa, kelajak avlod uchun qayg‘urish bugungi insonlar, ya’ni Siz bilan bizning zimmamizda. Yurtboshimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan mulohazalari, qarorlari zamirida ham insoniyat taqdiri yotibdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Orolbo‘yi ekologik muammolarini bartaraf etish uchun, shuningdek Orolbo‘yi aholisi uchun qulayliklar yaratish maqsadida Mo‘ynoq tumanida ekologik toza, innovatsion texnologiyalardan bo‘lgan muqobil energiya – quyosh energiyasi manbai quyosh panellarini, bir nechta maktablarda toza ichimlik suvi ta’minotini ta’minlash maqsadida suv filtrlarini o‘rnatib berdi. Shuningdek, muntazam ravishda cho‘lga chidamli o‘simliklar, ya’ni saksovul urug‘lari va manzarali, mevali daraxtlar ko‘chatlarini yetkazib berib kelmoqda. Keyingi paytlarda partiya tomonidan Mo‘ynoq tumanidan 80 kilometr masofada joylashgan “Ali ovul” aholisiga moddiy va ma’naviy yordam berib kelinmoqda. Bundan maksad, ushbu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligi va bandligini tiklashdan iborat.

Qolaversa, partiyamiz bir nechta hamkorlar bilan birgalikda 21 maydan 5 iyunga qadar “Mo‘ynoqqa madad” shiori ostida xayriya velomarafon o‘tkazmoqda. Biz – O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari, Prezidentimizning oqilona ekologik siyosatini amalga oshirishda bir tanu bir jon bo‘lamiz. Atrof-muhitni asrash uchun birlashamiz.

 

Aruxan Ismaylova,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar partiya tashkiloti Kengashi raisi.

O‘zA