Qoraqalpog‘istonda Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan Sarez ko‘li to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining joriy yil uchun asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq o‘tkazilayotgan o‘quv mashqlarining maqsadi, Sarez ko‘li to‘g‘onining yorilishi xavfi tug‘ilganda yoki sodir bo‘lganda tabiiy, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etishda FVDT hududiy quyi tizimlari boshqaruv organlari, kuch va vositalarining tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazish, hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirishdan iborat.

Bu kabi mashg‘ulotlar natijasida mavjud kuch va vositalarni taqsimlash bo‘yicha harakatlarni tekshirish, hududlardan aholini evakuatsiya qilish, ko‘chirilganlar uchun hayotiy sharoitlarni yaratish, vayron bo‘lgan hududda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilma tizimlarini tiklashga tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkaziladi.

Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarining ikkinchi kuni Xo‘jayli tumani «Samanko‘l» ovul fuqarolar yig‘inida ko‘chiriladigan aholini yig‘ish, «Xo‘jayli» temir yo‘l bekatida aholini va moddiy boyliklarni temir yo‘l yordamida ko‘chirish, Xo‘jayli tumani markaziy o‘yingohida ko‘chib kelgan aholini qabul qilish, Nukus shahridagi Ashshiko‘l hududida suv toshqini sababli yuzaga kelgan vayrona oqibatlari, sanitariya-epidemiologik holatlarni bartaraf etish, qidiruv-qutqaruv va tiklash ishlarini amalga oshirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish singari maxsus-taktik o‘quv mashqlari reja bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA