Adiblar xiyobonida «Katta adabiyot bayrami» haftaligi doirasida «Ilhom» mukofoti respublika tanlovining sovrindorlarini aniqlash va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida OTMda tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Tanlovda 1-o‘ringa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich magistranti Akrom Malikov munosib topildi. U «Spark» yengil avtomobili bilan taqdirlandi.

2-o‘ringa Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi loyiq ko‘rilib, 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

3-o‘rinni Farg‘ona davlat universiteti talabasi Qobiljon Shermatov hamda Qoraqalpoq davlat universiteti tayanch doktoranti Malika Palimbetova qo‘lga kiritdi. Ular 15 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi A.Abduvohidov hamda Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev topshirdi.

Tanlov g‘oliblariga maxsus diplom va statuetkalar topshirildi.

 

N.Usmonova, O‘zA