Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi bilan chiqib, jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratgan edi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida ushbu rezolyutsiya loyihasi ma’qullandi. Bu O‘zbekiston uchun katta obro‘, alohida ahamiyatga ega qaror hisoblanadi. Chunki BMT darajasida bunday yirik loyihaning qabul qilinishi katta gap, mamlakatimiz hayotida dolzarb ahamiyatga ega masaladir. Bu haqdagi xabar barcha yutrdoshlarimiz, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi aholisiga katta xursandchilik, qolaversa, faxr bag‘ishladi.

Ushbu tarixiy ahamiyatga ega hujjat mohiyati, bugungi kunda Orolbo‘yi hududi ekologiyasini yaxshilash borasidagi ishlar haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Xalilulla Sherimbetovning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik:

– Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya ishlab chiqilib, BMT tomonidan qabul qilingani nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz uchun juda dolzarb ahamiyat kasb etadi, – dedi X.Sherimbetov. – Zero, Orol fojeasi atrof-muhit, hudud ekologiyasi, o‘simlik va hayvonot olami, aholi turmushi va salomatligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani sir emas.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolning qurigan tubida yashil hudud, o‘rmonzor tashkil etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan darajada katta ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda. Bu borada Prezidentimiz BMT Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ham alohida to‘xtalib, 2 million gektar yer maydonida o‘rmonzor tashkil etilishini ta’kidlagan edi. Bugunga qadar Orolning qurigan hududining 1 million gektar yer maydonida ana shunday yashil hudud, o‘rmonzor tashkil etildi. Buning uchun katta kuch va mablag‘ yo‘naltirildi.

Orolbo‘yi hududi qiyin ekologik sharoitga qaramay, tabiati boy, bioxilma-xil hisoblanadi. Mazkur hududda 213 turdagi yuksak darajadagi o‘simlikning 54 tasi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. 273 turdagi umurtqali hayvonning 28 tasi Xalqaro Qizil kitobga, 56 tasi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Bundan ko‘rinadiki, ushbu hududdagi o‘simlik va hayvonot olami e’tibor, muhofazaga muhtoj, ularni asrab-avaylashga e’tibor qaratish zaruriyati mavjud.

Prezidentimizning 2019 yil 20 martdagi «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘istoni Respublikasida muhofaza qilinadigan hududlarni tashkil etish borasida keng ko‘lamdagi sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, 2019 yilda Xorazm viloyatida 21 ming 837 gektar maydonda Xorazm milliy tabiat bog‘i, 2020 yilda mamlakatimiz bo‘yicha eng katta hududga ega bo‘lgan Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i tashkil etildi. 2021 yilning fevralida esa umumiy maydoni 280 ming 507 gektar bo‘lgan «SUDOCHE-AKPETKI» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilindi. Mazkur muhofaza hududlarining jami maydoni qo‘shib hisoblanganda, keyingi 2 yil davomida 1,8-1,9 million gektar muhofaza qilinadigan hududlar tashkil etilganligi ayon bo‘ladi. Bundan tashqari, joriy yilda 1 million gektar yer maydonida Markaziy Qizilqum milliy tabiat bog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bu sa’y-harakatlarning barchasi mamlakatimiz ekologik holati, Orolbo‘yi mintaqasini yaxshilashga zamin yaratadi. BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilingani ushbu yo‘nalishdagi ishlarimiz ko‘lamini yanada keng miqyosda davom ettirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zA muxbiri  Muhtarama Komilova tayyorladi