Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayevaning ta’kidlashicha, vaksinatsiyaning to‘liq bosqichlarini olgan inson organizmida koronavirus infeksiyasidan himoya qiluvchi immun hujayralari ishlab chiqiladi.

Mazkur hujayralar qancha muddat himoya qilishi borasida to‘liq ma’lumot bo‘lmasada, bu hujayralar titri yuqori bo‘lgan davrda insonga koronavirus infeksiyasi yuqmaydi.

– Ayrim davlatlarda vaksina olganlarga niqobsiz yurish va ijtimoiy masofani saqlamaslikka ruxsat berilayotgani haqidagi gap-so‘zlarga kelsak, bunday holatda vaksinatsiya to‘liq bosqichlarini olgan va immunitet hujayralari mavjud insonlargina niqobsiz yurishi va ijtimoiy masofani saqlamasligi mumkin, – deydi S.Ubaydullayeva. – Ba’zi davlatlarda vaksinatsiya olganlarga niqobsiz yurish va ijtimoiy masofani saqlamaslikka ruxsat berilishi, shu davlatlar aholisi orasida emlanganlar salmog‘i 50 foiz va undan ham ko‘proq bo‘lganligi hamda aholi orasida ommaviy immunitet hosil qilinishiga asos mavjudligi bois bo‘lishi mumkin. Lekin bunday davlatlar juda ham sanoqli.

Shuni unutmaslik kerakki, o‘tayotgan pandemiya davri tibbiy niqoblar va o‘zaro masofa saqlashning samarasini isbotlab berdi.