Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi Spikerining o‘rinbosari Rahmat Gobel boshchiligidagu delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik turli yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgani, biroq erishilgan natijalar ikki mamlakat imkoniyatlariga mos emasligi qayd etildi. Shu bois, o‘zaro munosabatlarni turli yo‘nalishda, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish mamlakatlarimiz va xalqlarimiz uchun birdek manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston ham, Indoneziya ham tabiiy resurslarga boy ekani, ushbu sohada hamkorlikni kengaytirish yaxshi natija berishi qayd etildi. Shuningdek, o‘zaro savdo aylanmasini oshirish, turizm sohasida, jumladan, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ma’lum qilindi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim aloqalarini kengaytirish, o‘zaro talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yuqori martabali mehmon Indoneziya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama rivojlantirib borish uchun muzokaralarni muntazam yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi. Bunda parlamentlararo aloqalarni kengaytirish yaxshi samara berishiga e’tibor qaratildi.
Indoneziya delegatsiyasi bugun bir qator idoralarda bo‘lib, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA