Bugun, 12 may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev, Bojxona qo‘mitasi raisi M.Azimov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, barcha imkoniyat va zaxiralarni ishga solib, may-iyun oylarida byudjetga 26 trillion so‘m tushumni ta’minlash hisobiga, ikkinchi chorak prognoziga 3,2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishi shart.
Bunda Sh.Qudbiyev 2,7 trillion so‘m, M.Azimov 500 milliard so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumni ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Bundan tashqari, Sh.Qudbiyev, T.Ishmetov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovga bir oy muddatda tadbirkorlarning fikr va e’tirozlarini inobatga olib, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarni ro‘yxatga olish, soliqlarni hisoblash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar birinchi yarim yillik parametrlarini to‘liq bajarish bo‘yicha o‘z rejalari va tizimli ish tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berdi.