O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qildilar.
Yelkama-yelka turib birga qahramonona jang olib borgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan xalqlarimizning buyuk jasorati minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qolishi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajada faol muloqotlar davom ettirilmoqda, Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida ilk bor Rossiyadan tashqarida keng miqyosda tashkil etilgan Xalqaro “Innoprom” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha birgalikda qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Parlamentlararo almushinuvlar kengaymoqda, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
Muloqotda Prezidentlar xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi. Oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.