Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Kegayli tumani hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Maqsad, tumanda joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishtirish edi.

Tumanda chorvachilikni rivojlantirish, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida chet davlatlardan naslli qoramollar, qo‘y va echkilar olib kelinmoqda. Buning uchun tijorat banklardan imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berilmoqda. Tumandagi «Piyshenbay chorva» fermer xo‘jaligi shular jumlasidandir. 2017 yilda tashkil etilgan xo‘jalikda bugungi kunda 60 bosh qoramol, 40 bosh qo‘y va echki parvarishlanmoqda.

Fermer xo‘jaligi rahbari Raxat Jiyemuratovning aytishicha, yaqin kunlarda tijorat bankidan 300 million kredit mablag‘ini olib mahalliy kurka boqadigan ferma tashkil etishni   rejalashtirmoqda. Shuningdek, bu yerda qoramollar uchun gidroponika usulida yem-hashak yetishtiradigan «Kegayli organika» kooperativi ham tashkil etiladi.

Tumandagi go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan «Agrosanoat Qoraqalpog‘iston» mas’uliyati cheklangan jamiyatida Germaniya davlatidan olib kelingan 62 bosh simmental naslli qoramol boqilmoqda. Sigirlardan har kuni 300-350 litr sut sog‘ib olinib, tuman va Nukus shahar dehqon bozorlarida sotilmoqda. Bu yerda 10 nafar kishi doimiy ish bilan band. Joriy yilning sentyabr oyiga qadar yana 31 bosh naslli qoramol olib kelinib, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxona tashkil etish nazarda tutilgan. Naslli qoramollarning mahalliy iqlim sharoitiga moslashishini ta’minlash uchun bu yerda zamonaviy chorva majmuasi qurilmoqda. Tuman hokimligi tomonidan 10 gektar yer maydoni ajratilib, makkajo‘xori, beda va boshqa ozuqa ekinlari ekilmoqda.

Tumanda aholining tomorqa yerlaridan unumli foydalanishini tashkil etish, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida issiqxonalar qurib berish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumandagi «Quyoshli» ovulida istiqomat qiluvchi Z.Sharapov hamda E.Pirjanov xonadonidagi issiqxonada yetishtirilgan pomidor va bodring mahsulotlari ularning oilasinigina ta’minlab qolmasdan, aholiga ham arzon narxlarda yetkazib berilmoqda. Ekinlarni tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinib, mo‘l hosil olishga erishmoqda. Bu ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun tijorat banklaridan har biriga 30 million so‘mdan uch yillik muddat bilan kredit mablag‘i ajratib berildi.

Tumandagi «Qumshungil» ovul fuqarolar yig‘ini hududida aholi bandligini ta’minlash borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri Amerika tolini yetishtirish loyihasidir. Buning uchun hududda 10 ga yer maydoni ajratildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Amerika toli daraxti bugungi kunda mebel va turli savat yasashda foydalaniladigan xomashyo hisoblanadi. Bu esa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun mutaxassislarni jalb qilgan holda aholi, ayniqsa, yoshlarni savat to‘qish va boshqa maishiy mahsulotlar ishlab chiqarishga jalb qilish mumkin. Joriy yilning o‘zida 1 million dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Tadbir ishtirokchilari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Media-tur yakunida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda tuman hokimi D.Utemuratov joriy yilning birinchi choragida ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksport ko‘lamini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Tumandagi “Lanko miya”, “Turon miya” , “Kegayli qog‘oz”, “Sentral asia international paper” “Mehr-shafqat” korxonalari tomonidan 2719,6 tonna mahsulot Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSH, Italiya, Tayvan hamda Qozog‘iston mamlakatlariga eksport qilindi. Yangidan 1,4 kilometr ichimlik suv, 1 kilometr elektr tarmog‘i rekonstruksiyalandi va 3 ta transformator punkti o‘rnatildi. Tumanda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 697 xotin-qizning, 152 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan 1175 ta oila «Temir daftar»dan chiqarildi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA