O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.
Fizika sohasi bo‘yicha yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi O‘tkir Hasanovich Rasulev 82 yoshida vafot etdi.
O‘.Rasulev 1939 yil 11 iyulda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1961 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomladi.
U o‘z mehnat faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Fizika-texnika institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida boshladi, so‘ngra Rossiya Fanlar akademiyasining Leningrad shahridagi Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyin esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining katta ilmiy xodimi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Elektronika instituti (hozirgi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti)ning laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining hay’at a’zosi, fizika-matematika fanlari bo‘limi raisi, vitse-prezidenti kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va yurtimizda fizikaviy elektronika sohasining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.
O‘.Rasulev – fizikaviy elektronika va qattiq jismlarning sirtqi qismlarining fizik va kimyoviy xususiyatlari bo‘yicha yirik mutaxassis, O‘zbekistonda ko‘p atomli zarrachalarning tashqi tomondan ionlashuviga doir yo‘nalishga asos solgan olimlardan biridir. Uning 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, 25 dan ortiq ixtiro va patentlari respublikamiz va xorijiy mamlakatlar olim va mutaxassislari o‘rtasida yaxshi ma’lum.
Atoqli olim mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etdi. Xususan, 1996-1999 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatib, milliy parlamentarizm asoslarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
Akademik O‘.Rasulev mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson O‘tkir Rasulevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev