Ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish eng dolzarb vazifalardan biri.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining ijtimoiy ahvolini uyma-uy yurgan holda o‘rganish, ishsiz, yordamga muhtoj oilalarni «Temir daftar», «Ayollar daftari» hamda «Yoshlar daftari»ga ro‘yxatga olib, ularga yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Tuman 4-sektor hududida jami 9 mahalla va 3 ta ovul fuqarolar yig‘ini mavjud. Hududdagi yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona «Beruniy tekstil invest» mas’uliyati cheklangan jamiyatida asosan ip kalava mahsulotlari ishlab chiqariladi. E’tiborlisi, korxonada ishlab kelayotgan 385 nafar ishchi xodimdan 111 nafarini aynan 4-sektor hududidagi yoshlar tashkil etadi.
– Joriy yil boshidan birinchi chorak davomida yana 10 nafar «Temir daftari»dagi fuqaro ishga qabul qilindi, – deydi Beruniy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Anvar Kenjayev. – Korxona ishini yanada kengaytirish maqsadida hozirgi kunda 4 million AQSH dollarlik investitsiya kiritdi. Bu investitsiya yilning ikkinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Korxona ma’muriyati 253 nafar ayol-qizni hozirda kasbga o‘qityapti. Ushbu ayol-qizlardan 70 nafarini mening sektorimdagi ayol-qizlar tashkil etadi. Uchinchi chorakda esa loyiha ishga tushishi bilan korxona tomonidan yana 1200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi
Jamiyat tomonidan o‘tgan yili ichki bozorga 1220 tonna ya’ni 11 milliard 702 ming so‘mlik yoki 4503,5 ming AQSH dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilinishiga erishildi.
«Shobboz» ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Dildora Shomurodova Ellikqal’a tumani tibbiyot kollejini tugatib, ishsiz yurgandi. Dildora ushbu masalada sektor rahbariga murojaat qildi hamda ishi 3 kunda ijobiy hal etildi. Ya’ni u endilikda tumandagi oilaviy poliklinikada hamshira bo‘lib ishlamoqda.
– Men 2018 yilda Ellikqal’a tumani tibbiyot kollejini davolash ishi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagandim, – deydi Dildora Abubek qizi. – Ikki yil mobaynida uyda ishsiz o‘tirdim. Shu bois ish so‘rab murojaat qildim. Sektor rahbari tomonidan mening murojaatim tez o‘rganib chiqildi va tumandagi 12-oilaviy poliklinikaga patronaj hamshira sifatida ishga olindim.
Ishsiz yoshlarni ish o‘rinlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan ishlar natijasida yoshlar o‘zlari mehnat qilib, oilalariga qo‘shimcha daromad kiritmoqda.
Jumladan, «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi asosida «Shobboz» ovul fuqarolar yig‘inidagi «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 11 nafar yoshga 10 sotixdan yer maydoni ajratilib, yerga egalik huquqini beruvchi sertifikat topshirildi. Hozirda ushbu yer maydonlarining bir nechtasida issiqxona tashkil etilgan bo‘lsa, qolgan qismlariga ham ishlov berilib, turli xil sabzavot ekinlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilmoqda.
Yoshligidan dehqonchilikka qiziqqan G‘ulom Primov ham o‘z tomorqasidan 4 sotixli issiqxona tashkil etdi, hozirda pomidor va bodring ekinlaridan hosil ola boshladi. G‘ulom bu mahsulotlarni ichki bozorga sotib, oilasiga daromad kiritishni maqsad qilgan.
Yoshlarning biznes tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi asosida tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan Inomjon Sabirovga o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun yer olishda amaliy ko‘mak berildi.
– Ushbu majmuani qurib bitkazishda tuman banki tomonidan 800 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi, – deydi yosh tadbirkor Inomjon Sabirov. – Jamiyat ishga tushishi bilan 7 nafar fuqaroni ish bilan ta’minladim. Bu yerda savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadida tikuvchilik xizmati ham ish olib bormoqda. Korxonamda ishlab chiqilgan oyna va eshiklar, qandolat mahsulotlari tuman do‘konlari va bozor rastalariga yetkazib berilmoqda. “Bichish-tikish qo‘limdan keladi, kredit olishga yordam bersangiz, o‘z tikuvchilik seximni ochardim» deya yordam so‘ragan Salomat Bayjanovaning murojaati ham tezda hal qilinib, unga bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olishga amaliy yordam berildi.
– Menga imtiyozli kredit olishga yordam berishdi, – deydi Salomat Bayjanova. – Mana shu mablag‘ bilan o‘z tikuvchilik seximni ochdim. Bu yerda o‘zim bilan birga yana «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 4 nafar qizni shogirdlikka olib ish bilan ta’minladim. Hozirda seximizda buyurtma asosida ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari tikayapmiz.
Tumandagi «To‘qimachi» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Muhabbat Reymova ishsizligi sabab «Ayollar daftari»ga kiritilgan edi. Unga 4-sektor rahbari tomonidan tikuv mashinasi berildi. Hozirda Muhabbat opa o‘z-o‘zini band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ham ish stajiga ega bo‘lib, ham bu tikuv mashinasi orqali daromad topib, oilasini boqmoqda.
Muxtasar aytganda, aholini rozi qilish maqsadida olib borilayotgan ishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA