Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.
Qonun loyihasi bilan pensiya va nafaqalarni tayinlashda bir qator imtiyozlar belgilanmoqda. Xususan, 2021 yil 1 iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi. Bu bilan ko‘plab fuqarolar pensiya tayinlashda yuzaga keladigan muammolar, qiyinchilik va byurokratik to‘siqlardan xolos bo‘ladi.
Yana bir muhim yangilik. Ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ular uchun ham ijtimoiy soliq to‘lab borish huquqi berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oilada bola parvarishi va boshqa yumushlar bilan band bo‘lganligi yoki turmush o‘rtog‘ining xohishiga asosan ishlamagan fuqaro uchun kelajakda pensiya olish imkoniyatini beradi.
Loyiha bilan pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanishi va to‘lanishi belgilanmoqda. Shuningdek, uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
N.Nasriyev, O‘zA