Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun bir oylik ota-onalar to‘lovi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy joylashuviga qarab tabaqalashtirilgan holda belgilangan.
Jumladan, eng yuqori to‘lov Toshkent shahrida – 10,5 soatlik davlat MTTda bir nafar bola uchun 246 ming so‘m, eng past to‘lov boshqa joylarda o‘rtacha 10,5 soatlik davlat bog‘chada 167 ming so‘m etib belgilangan.
Ushbu to‘lovlardan tushgan mablag‘ ovqatlantirish xarajatlari, 5 foizi moddiy-texnik bazani yaxshilash, sanitariya-gigiyena vositalari va yumshoq inventarlar xarid qilishga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda MTTlarda to‘lov miqdorining oshganligi yuzasidan ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga asosan 2021 yilda iste’mol narxlari indeksi 9-10 foiz miqdorda bo‘lishi prognoz qilingan. Shunga ko‘ra, qarorda davlat MTTlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini 2021 yilning 1 mayidan boshlab o‘rtacha 15 foiz oshirish ko‘zda tutilgan.
Hozirga qadar davlat MTTlariga ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar to‘liqligicha bolani ovqatlantirish xarajatlariga yo‘naltirib kelinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Davlat statistika qo‘mitasi hisobotlariga ko‘ra, 2020 yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘rtacha o‘sish darajasi 15,3 foizni tashkil etgan. Xususan, non mahsulotlari 15,2 foiz, go‘sht, parranda go‘shti va baliq narxlari 18,1 foiz, sut mahsulotlari narxi 11,5 foiz, tuxum narxi 37,6 foiz, meva, sabzavotlar va kartoshka narxlari 11,9 foiz, yog‘ va moylar 27 foiz, shakar, choy va boshqa mahsulotlar 11,8 foizga oshgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA