Ma’lumki, mamlakatimizda keyingi yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki tobora ko‘paydi. Xususan, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlar bo‘yicha missiyasi tomonidan ham tizimli ravishda mamlakatimizdagi saylovlarni kuzatib, baholab saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalarini taqdim qilmoqda.

Mazkur tavsiyalarga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

BULAR QAYSILAR?

Saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikning tahlillari saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, amaldagi Saylov kodeksiga muvofiq, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar sudlar bilan bir qatorda yuqori turuvchi saylov komissiyalariga ham berilishi mumkin. Bunda, sudlar va saylov komissiyalariga takroriy shikoyatlar tushishi, ular tomonidan bir-biriga zid bo‘lgan qarorlar chiqarilishi ehtimoli mavjud bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, shikoyatlar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda (14, 20, 22, 101 va 102-moddalari).

Yana bir masala, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2014 yil 29 iyuldagi «Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi

205-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarida saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazish uchun ham hokimliklardan ruxsatnoma olinishi lozimligi belgilangan.

Ammo, YeXHT saylovlar bo‘yicha missiyasi tavsiyasiga ko‘ra, saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligini belgilanmoqda (48-moddada).

Amaldagi qonunchilikka binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda 6-8 nafar a’zodan iborat okrug saylov komissiyasida mingga yaqin uchastka saylov komissiyalari (Parlament saylovlarida esa 1 okrugga 65-110 ta uchastka to‘g‘ri keladi) tuziladi. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bu holat uchastka saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirishda qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari – saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 11 – 18 nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishi ko‘rsatilmoqda (21-moddada).

Shu bilan birga, bilamizki nomzodlar haqidagi to‘liq ma’lumot (shu jumladan uning ish joyi to‘g‘risidagi) saylov uchastkalaridagi plakatlarda aniq ko‘rsatiladi. Ortiqcha takrorlanishlarni oldini olish maqsadida saylov byulleteniga nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi haqidagi ma’lumotni kiritmaslik orqali ixchamlashtirilmoqda (31-moddada).

Shuningdek, saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya (ID) kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilab qo‘yilmoqda (38-moddada).

Umuman, yuqoridagi normalarning qabul qilinishi milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qiladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi