Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida har bir viloyat, shahar va tuman hokimlariga xizmatlar hajmini yil yakuni bilan 2-3 baravar oshirish, buning uchun haftalik nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent shahrida xizmatlar hajmini kamida 3 baravarga oshirish, shahardagi 524 ta mahalla kesimida xizmatlarni rivojlantirish dasturini qabul qilish topshirildi.

Bosh vazir A.Aripovga shanba kuni Toshkent shahrida alohida majlis o‘tkazib, poytaxt tumanlari hokimlari va sektor rahbarlarining aniq vazifalari, ularning mas’uliyatini belgilab, poytaxtda xizmatlar sohasida kamida 50 mingta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratish rejasini “tumanbay” va “mahallabay” taqsimlash va tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda xizmatlar bozorini jadal rivojlantirish uchun talab etiladigan moliyaviy resurslar ajratilishi ta’kidlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan joriy yilda kamida 18 trillion so‘m kreditlar yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 million dollar, shundan 1 iyulgacha 150 million dollar ajratiladi.

Birinchi bosqichda Samarqandga – 160 milliard so‘m, Toshkent shahri, Andijon, Qashqadaryo va Farg‘onaga – 150 milliard so‘mdan, Namangan va Surxondaryoga – 125 milliard so‘mdan, Buxoro – 90 milliard so‘m, Jizzax – 85 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston va Xorazmga – 75 milliard so‘m, Sirdaryoga – 60 milliard so‘m, Navoiyga – 55 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘lar barcha tuman va banklar kesimida taqsimlandi va buni barcha hokimlar olgan.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari tijorat banklari bilan birga, ajratilgan mablag‘ yoniga yana shuncha miqdorda resurs topishlari, ya’ni bu ishlarni “ellikka – ellik” tamoyili asosida tashkil etishlari shart va zarurligi qayd etildi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga iqtisodiy kompleksdan biriktirilgan mas’ullar bilan birga, “mahalla – tuman – bank” prinsipi asosida loyihalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Bunda Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Milliy bank raisi A.Mirsoatov tashkil etiladigan loyihalarda har bir mahallada bo‘lishi shart bo‘lgan kamida 20 ta turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar ro‘yxatini asos qilib olishlari shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mahalla, tuman va shaharlarda zaruriy xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida Hukumat qarorini qabul qilib, ijrosini nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident viloyat rahbarlariga tuman va shaharlarning mablag‘lardan samarali foydalanishiga qarab, 1 sentyabrdan keyingi 150 million dollar ajratilishini eslatdi.

Bundan tashqari, Milliy bankka 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim ob’ektlari, yirik savdo komplekslarini tashkil etish uchun shu yilning o‘zida qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Shu tariqa, xizmatlar sohasiga byudjetdan va banklar tomonidan qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar 500 million dollar yoki 5,5 trillion so‘mni tashkil etadi.

 

O‘zA