Mudofaa vazirligi Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining poytaxtimizdagi madaniyat markazida Qurolli Kuchlar tashkil topganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning yakuniy bosqichida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, MXX chegara qo‘shinlari va boshqa idoralarning 28 vakili ishtirok etdi.
Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli yakkaxoni, kichik serjant Botir Xo‘jayevning “Buyuk davlat quramiz” deb nomlangan qo‘shig‘i tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan oddiy askar Murodjon Aliyevning baxshilar uslubida ijro etgan Vatan himoyachisi haqidagi ashulasi yoshlarimizning xalq an’analari va urf-odatlariga yuksak ehtiromidan dalolat bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligi ansamblining dueti ham tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir qatnashchining yakuniy bosqichga puxta tayyorgarligi yaqqol sezilib turdi.
Tanlov g‘oliblari 2018-yil yanvar oyida Vatan himoyachilari kuni arafasida bo‘lib o‘tadigan qo‘shiqlar festivalida e’lon qilinadi.