Taniqli jurnalistlar Ahmadjon Meliboyev va Husan Ermatovlarning O‘zA saytida e’lon qilgan maqolalarini o‘qib.
Ustoz jurnalistlarimizdan biri aytardi, xabar yozayotganda press-relizdan faqat fakt va raqamlarni olish zarur, uni boshdan oyoq ko‘chirish muxbirning ishi emas, deb. Yil davomida ish stolimda yig‘ilib qolgan press-relizlarni ko‘zdan kechirayapmanu tilimga bir gap keldi. Hech xavotir olmang ustoz, bugun ularning ko‘pchiligi ko‘chirishga yaramaydi. Tumtaroq jumlalar bilan to‘ldirilgan, yangilik tugul, tayinli ma’lumot bo‘lmagan nomadan foydalanish kimga ham kerak!
Mana shunday press-relizdan bir parcha:
«…Ajdodlar xotirasini yod etish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardandir. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar, izchil islohotlar yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati nechog‘lik yuksak qadrlanayotganidan, yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash esa ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotganidan dalolat beradi…»
Shu kabi jumlalarni olib tashlasa ikki qator ham tayinli ma’lumoti yo‘q bu noma siyosiy partiyalarimizdan birining 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazgan davra suhbatiga tegishli. Unda qatnashib, tashkilotchilarga “attang” deganim yodimga tushdi.
Tadbirning asosiy mehmonlari – Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylariga sochiq hadya qilish bilan «chuqur» izzat-ikrom ko‘rsatildi. Keksaparvar ekansiz, bularni (faxriylarning aksariyati 90 yoshdan oshganlar edi) ovora qilib, issiq joyidan turg‘izib, olib kelish o‘rniga xonadoniga borib ziyorat qilsangiz to‘g‘ri emasmidi… Press-relizda balandparvoz gaplarni yozguncha o‘sha qariyalarning hayoti, qilgan ishlari haqida ma’lumot bering edi. Dilda shunday e’tirozlar bilan xabarni yozdim.
Press-reliz inglizcha so‘z bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi matbuotga uzatish demakdir. Yana ham aniqroq aytganda press-reliz biron tashkilot matbuot xizmatining ommaviy axborot vositalari uchun tayyorlagan xabarnomasidir. Manbalarda tarixdagi eng birinchi press-reliz 1906 yil 28 oktyabrda AQSHda yuz bergan temir yo‘l hodisasi haqidagi axborot matni bo‘lganligi ta’kidlanadi. Fojia tafsilotlari berilgan o‘sha press-reliz Nyu York Tayms gazetasida so‘zma-so‘z berilgan ekan.
Press-reliz yozishda yillar sinovidan o‘tgan qoidalar mavjud. Ular ichida eng asosiysi esa taqdim etilayotgan axborotning yangi va qiziqarli bo‘lishidir. Endi tasavvur qiling, uy bekasining kir yuvishi, yoki hovli supurishi, umuman ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanayotgani o‘quvchi uchun yangilikmi? Albatta, yo‘q. Ammo, u qaysidir noyob gulni o‘stirayotgan bo‘lsa, parvarish sirlari faqat o‘ziga ma’lum bo‘lsa-chi? Ha, bunga qiziqib qolamiz.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2017-yil 12-oktabr kuni “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” mavzuida o‘tkazgan matbuot anjumani press-relizida ham qiziqarli xabar qayd etilgan. Ya’ni, ishlar sarhisobidan tashqari tashkilot faoliyatidagi eng so‘nggi yangilik – kitob targ‘iboti, savdosi borasida amalga oshirilayotgan bir nechta loyiha haqida ma’lumot bor edi. Unga ko‘ra agentlik, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati, yetakchi nashriyotlar bilan kitob mahsulotlarini nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va ularni pochta orqali kitobxonlarga yetkazib berish bo‘yicha maxsus tizim ishlab chiqqan. Ayni shu yangilik xabarimning shirasi bo‘ldi.
Bilsangiz press-relizning «uka»si bor. Bu tadbir dasturidir. Deylik, Xalq ta’lim vazirligi tashabbusi bilan ingliz tili fani o‘qituvchilarining seminari tashkil etildi. Dasturdan tadbirning kun tartibi, kimlar ishtirok etayotgani, ma’ruzalar mavzusini aniq bilib olish mumkin. Lekin bu “uka” ba’zan “akasi”ga pand berib qo‘yadi-da. Yaqinda Bosh qomusimizning 25 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan bir anjumanda anglashilmovchilik bo‘ldi. Tadbir mavzusi press-relizda boshqa nomda, dasturda esa umuman boshqacha yozilgan. Tashkilotchilardan so‘rasam, xato o‘tib ketibdi, to‘g‘rilashga vaqt
bo‘lmadi, deb qo‘ya qolishdi. O‘sha tadbirning esa qanday o‘tganini so‘ramay qo‘ya qoling…
Tashkilot faoliyatida haqiqatda ahamiyatli yangilik bo‘lsagina matbuot anjumani orqali uni jamoatchilikka yetkazish lozim.
Qaniydi, bu qoidaga ba’zi tashkilot va idoralar matbuot xizmatlari amal qilsa. Yo‘q, ular amal qilmagani yetmaganday, quruq hisobot uchun qiladigan tadbirlarini yoritib bering, deb xat jo‘natishga usta bo‘lib ketmoqda, nazarimizda. Xat tahririyatga kelib tushdimi, tamom. Navbatdagi siyqa xabar tayyor-da.
Eng qizig‘i, bu kabi tashkilotlar tadbirboz bo‘lgani bilan, davlatimiz rahbari imzolagan muhim hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning sarhisobini so‘rasangiz, xuddi kosasi ichiga kirib olgan toshbaqa bo‘ladi-qo‘yadi.
Joriy yilda oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot olish uchun mutasaddi tashkilotlarning biriga murojaat qildim. Chunki ayni mavzu yuzasidan tahliliy maqola yozishim kerak edi. Tahlil bo‘lgandan keyin tanqid ham bo‘ladi. Shundan cho‘chishdi shekilli, tashkilot xodimlari hozir vaqtimiz yo‘q, ishimiz ko‘p, “sentyabr oyida bir uchrashing” deyishdi. Aytilgan muddat keldi hamki ma’lumotni va’da qilgan mas’ul tutqich bermaydi. Hali majlisda, hali xizmat safarida. Uning qo‘l ostidagilar esa bizning bunday axborot berishga vakolatimiz yo‘q deyishdan nariga o‘tmadi…
Gaplarimni o‘qib, boshqa tashkilotlar qanday ekan, deb qiziqayotgandirsiz. Ayrimlari juda kamtar. Bundaylar qilgan ishlari bilan maqtanavermaydi. Lekin jamoatchilikka eshiklarini keng ochib qo‘ygan. Ulardagi ochiqlik sizni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha o‘z vaqtida zarur axborot olishingizga ko‘mak beradi.
Bir gal Respublika bolalar kutubxonasidan reportaj tayyorladim. Poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ziyo maskani o‘sha kuni foydalanuvchilar bilan gavjum ekan:
– Bilganday tadbir ustiga kelganingizni qarang, – dedi kutib olgan xodim. – Hozir sevimli adib Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan ijodiy uchrashuv bo‘layapti.
Kutubxona faoliyati bilan yanada yaqin tanishganimdan so‘ng, bu yerda kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarda mutolaa va axborot olish madaniyatini yuksaltirish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘p bo‘lishini bilib oldim. Lekin, ular shuncha ishni do‘ndirishsa-da, olamga hadeb jar solmas ekan…
Rostini aytsam, maqolaning boshida tumtaroq jumlalar bilan to‘ldirilgan, yangilik tugul, tayinli ma’lumot bo‘lmagan press-relizdan foydalanish kimga ham kerak, deb katta ketib qo‘ydim. Aslida bunaqa «nomalar» ishimizda hali ham asqatmoqda…
Hamkasblarimdan biri aytib qoldi. Hozir ba’zi muxbirlar hatto press-relizni ko‘chirishga ham erinchoq bo‘lib qolgan emish. Agar ular elektron variantda press-relizni ololmasa, uning bosmasini olib «skaner» qurilmasiga solishadi-da, tayyor bo‘lgan nusxani maxsus dastur orqali «word» hujjatga aylantirishadi. Qarabsizki, ma’lumotlarni qaytadan yozishga hojat yo‘q. Matnga sal qalam tekkizib, muallif deya o‘z ism-sharifini qo‘yishsa bo‘ldi, qolgan xatolarini navbatchi muharrirlar to‘g‘rilab qo‘yadi.
Ba’zan uy yumushlarini o‘z vaqtida bajarmasak, momoginam «Tuyaning yuki yengil bo‘lsa yotong‘ich bo‘larkan-da», deb biz nevalarni koyib qolardi. Bugun biz muxbirlar ham shunday tanbehga arzib qolgandekmiz. Masalan, biron joyda qandaydir tadbir bo‘lishi kerak. Avvalo vaqt tig‘izligini ro‘kach qilib, o‘sha joyga bormasdan turib ma’lumot olishga harakat qilamiz. Agar buning uddasidan chiqa olmasak, tadbirga majburan o‘tamiz. Keldik, lekin oxirigacha kuzatib, ko‘tarilgan mavzularning mag‘zini chaqish qayoqda deysiz? Press-reliz, dasturni olishimiz bilan, biron «qahramon»dan chala-cho‘lpa intervyu olamizda, jo‘nab qolamiz. Vaholanki, buning aksini qilib, odatiy tadbirdan o‘quvchi uchun yangilik, yaxshi mulohaza topish mumkin.
Yana bir kamchiligimiz bor. Axborotni huda-behudaga shishirib yuboramiz. Mazmun qolib ketib, turli hujjatlardan iqtiboslar keltiramiz, «ta’kidlar»ni boplaymiz, tadbirning maqsadi haqida ko‘p va xo‘b «o‘tlaymiz». Qo‘shib-chatadigan intervyularimiz-chi? U xoh shifokor, xoh o‘qituvchi, xoh dehqon bo‘lsin, bari «siyosat tili»da gapiradi. Ba’zan esa ayol qahramonimiz erkakchasiga so‘zlab kulguga qoladi:
– Qishlog‘imizda qurilgan namunali uy-joylardan biriga ko‘chib o‘tganimizdan juda mamnunmiz, – deydi, Falonchixon Falonchiyeva – Bu yerda yaratilgan sharoit turmush o‘rtog‘imning uy yumushlarini o‘z vaqtida bajarishida katta qulaylik yaratmoqda…
Taksiga chiqsam, shofyor kim bo‘lib ishlashimga qiziqdi. Jurnalistligimni eshitib, hazil qildi:
– Sizlarga bir gap aytib bo‘lmaydi, darrov yozib olasizlarda, gazetaga chiqarib yuborasizlar…
O‘zimcha uning gapini tasdiqladimu, ichimda zil ketdim. U aytganday bo‘lish uchun jurnalistda jur’at deganidan ko‘proq bo‘lishi kerak-da. Bugun esa ko‘pchiligimizda o‘sha fazilat yo‘q, mashhur «Toshkentga sayohat» spektaklidagi xizmatkorning ahvoliga tushib qolganmiz:
«Doruxonaga borsamu, doruxona berk bo‘lsachi? Doruxona ochiq bo‘lsada sotuvchisi yo‘q bo‘lsachi? Sotuvchisi ham bo‘lsin, lekin doruning o‘zi bo‘lmasachi?…»
Shunga o‘xshash savollarni o‘zimizga bera-bera yozmoqchi bo‘lgan mavzumiz qolib ketadi. Yozilgan taqdirda ham «bo‘lsachi-bo‘lmasa-chi…» degan ikkilanishlar bilan zarur tanqidni, «chaqadigan» gapni chiqarib tashlaymiz. Sip-silliq, maddohlik bilan yozilgan maqoladan esa o‘quvchining ko‘ngli aynigani qoladi…
Shunaqa gaplar, men sizga aytsam, aziz hamkasblar. Sizlarda nima gap? Ishimizdagi kamchiliklar, sustkashliklarni yo‘qotishda jo‘yali takliflaringiz bormi? Bo‘lsa, tezroq bering! Vaqt g‘animat…