“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Ushbu vazifa doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilishi belgilangan.
Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Ombudsman Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga shu yil birinchi choragida 25 monitoring tashrifini amalga oshirgan.
Ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuv hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan. Ombudsman nomiga mahkum va mahbuslar, ularning oila a’zolari tomonidan 57 shikoyat kelib tushgan.
Murojaat egalari bilan monitoring tashriflari davomida uchrashuvlar o‘tkazilib, muammolari hal etilgan.
Toshkentda “Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – O‘zbekistondagi islohotlarning asosi” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi va I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davra suhbatida O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani, shuningdek, O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lgani tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.
Mamlakatimizda bolalar mehnati to‘liq bartaraf etilib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ombudsman Feruza Eshmatova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlanganiga alohida urg‘u berdi.
Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Vakil vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Shu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Milliy preventiv mexanizm nafaqat qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligining kafolati, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yuksalishiga xizmat qiluvchi muhim omil hamdir.
Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
N.Abduraimova, O‘zA