Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining to‘qqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

Anjumanda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani ham ishtirok etdi.

Forum doirasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov nutq so‘zlab, ushbu tadbir Forum kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch, mustaqil va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor, – dedi A.Komilov. – Afg‘oniston zaminida tinchlik mustahkam bo‘lsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan do‘stona siyosat yuritmoqda.

Vazir Afg‘oniston mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal etish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afg‘onistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i va «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li qurilishining muhim jihatlarini qayd etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari forum ishtirokchilarini joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaga taklif etdi.

Tadbir yakuni bo‘yicha vazirlarning to‘qqizinchi konferensiyasi deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘zA