Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani aholisi azaldan dehqonchilikning hadisini olgan. Ular tomorqa yerlaridan samarali foydalanib, yetishtirgan hosilni avvalo o‘z oilasi, undan keyin esa bozorlarga arzon va sifatli tarzda yetkazib bermoqda.

E’tiborlisi, tomorqachilikda eng namunaviy ishlarni amalga oshirayotgan, barchaga o‘rnak bo‘layotgan oilalar tajribasi bugungi kunda Orolbo‘yida keng ommalashmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston-Liberal demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Sharapat Otemisov, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Muqaddas Beknazarova tomorqachilik bilan shug‘ullanuvchi xonadon egalari bilan muloqot qildi.

bugungi kunda tumandagi “Tash-yop” ovul fuqarolar yig‘inida 3 ming 242 nafar fuqaro 610 ta xonadonda tinch-totuv yashab kelmoqda. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Ozod Atashov to‘rt nafar farzandi bilan issiqxonada turli qishloq xo‘jaligi ekinlari va gul ko‘chatlarini parvarish qilib kelmoqda. Mehnatiga yarasha bir-ikkita yengil avtomashina sotib oldi, to‘ylar qilmoqda.

Ularning qo‘shnisi Raziya Qo‘chqarova ham har yili ko‘chat yetishtirib Mang‘it dehqon bozorida sotib kelmoqda. Har yili tomorqa hisobidan 30-40 million so‘m atrofida daromad qilmoqda.

Partiya vakillari xonadon egalarining har biri bilan suhbatlashib, tumandagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar ishtirokida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha mahorat darsini o‘tkazishga kelishib oldi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA