Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda poliomiyelit kasalligi bilan og‘rigan bemor oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan. Bu yo‘nalishda olib borilgan qat’iy sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar orqali O‘zbekiston Respublikasi 2002 yilda “Poliomiyelitdan holi bo‘lgan hudud”, degan sertifikatga ega bo‘lgan.

Qo‘shni Tojikiston hududida esa 2010 yilda ham o‘tkir yuqumli poliomiyelit kasalligi, polivirusning birinchi tipiga chalingan bemor aniqlangan. O‘sha paytda olib borilgan tezkor ehtiyot choralari sababli bu xastalik mamlakatimizga kirib kelmadi.

2010 yilda mamlakatimizdagi barcha besh yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda Surxondaryo viloyatidagi 35 yoshgacha bo‘lgan aholi poliomiyelit kasalligiga qarshi emlangan edi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisining SSV Matbuot xizmati bilan suhbatida ta’kidlanishicha, poliomiyelit kasalligiga qarshi emlash xastalikning oldini olishdagi eng samarali usuldir.

Shu bois, joriy yilning 10 martidan boshlab o‘n bir kun davomida 5 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafardan ortiq surxondaryolik bolalar kasallikka qarshi emlandi. Bunda 300 ming doza inaktivlashtirilgan poliomiyelitga qarshi vaksinasi qo‘llanildi. Shuningdek, kasallikning oldini olish maqsadida hududlardagi tibbiyot sohasi mutaxassislari poliomiyelit kasalligini tashxislash va aniqlash bo‘yicha bilim va malakasi doimiy ravishda oshirib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar, albatta, aholi salomatligini saqlash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA