1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Nukus shahrida yangidan qurib bitkazilgan zamonaviy akvaparkning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga, aholining munosib dam olishi uchun qulay sharoit yaratishga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Olti gektar maydonda tashkil etilgan mazkur dam olish maskanining qurilishiga 6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Akvapark bir vaqtning o‘zida 600 nafar kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Akvaparkda ixcham qurilgan o‘tovlar, bolalar maydonchalari, bolalar va katta yoshdagilar uchun basseynlar tashkil etilgan. Aholining, ayniqsa, yoshlarning mazmunli dam olishi uchun barcha qulaylik muhayyo. Loyiha ishga tushirilishi bilan 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Akvaparkning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri