Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda Xorazmda tadbirkorlik, agrosanoat va xizmatlar izchil rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining yil boshidagi amaliy tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar bunga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi.
Viloyatga kelgusi yil 1,5 milliard dollar investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Bu ko‘plab korxonalar, ish o‘rinlari va turmush farovonligiga asos bo‘ladi.
Masalan, Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektar yer sanoat zonasiga qo‘shib berilsa, 1 milliard dollarlik loyihalarga yo‘l ochiladi. U yerda elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika yo‘nalishida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan 25 metrga qisqartirilsa, 30 million dollarlik loyihalarni joylashtirish mumkin bo‘ladi. U yerda 1 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 2,5 mingta yangi ish o‘rni ochiladi. G‘azovot va Polvon kanallari atrofida ham 50 million dollarlik loyihalar uchun imkoniyat bor.
Qishloq va suv xo‘jaligida ham omilkorlik zarur. Masalan, Qo‘shko‘pirda parrandachilik, Bog‘ot tumanida baliqchilikni kengaytirish uchun sharoit yetarli. Yangiariqda suv ta’minotini yaxshilab, poliz, sholi va baliq yetishtirish hisobidan 1,2 ming kishini ishli qilish mumkin.
Ijtimoiy sohada ham takliflar ko‘p. Xususan, sifatli ta’limga ehtiyoj yuqori. Shu bois 44 ta maktab va bog‘chani ta’mirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Urganch, Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni mujassam qilib, qaror loyihasi tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Imkoniyatlarni natijaga aylantirib, odamlarni ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish muhimligini ta’kidladi.