O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Qonliko‘l tumani hokimligi pudratchi korxonani tanlov komissiyasi tomonidan 2020 yil 8 sentyabrdagi bayonnomalariga O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga zid ravishda haqiqatda tanlovda ishtirok etmagan «Jaras-Miyras» va «Qanlikolshi Orazbay» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini tanlovda ishtirok etganligi to‘g‘risida soxta ma’lumot kiritilib, natijada «Abdirasuliev Oraqbay» MCHJ tanlov g‘olibi etib belgilanganligi aniqlangan. Shuningdek, Qonliko‘l tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi va «Abdirasuliev Oraqbay» MCHJ mansabdor shaxslari mansab mavqeini suiste’mol qilib, Qonliko‘l tumani Suyenli kanaliga nasos agregati o‘rnatish va elektr tarmog‘ini ta’mirlash bo‘yicha 2020 yili 9 sentyabrda qiymati 280,5 million so‘mlik 1-sonli hamda qiymati 540,3 million so‘mlik 2-sonli shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnomalarga asosan amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari davomida har birining bahosi 217,7 million so‘m bo‘lgan jami 653,1 million so‘mlik 3 dona «SNPE-500/10» rusumli nasos agregati o‘rnatilmagan bo‘lishiga qaramasdan, to‘liq o‘rnatilganligi haqida hisob-fakturalarga soxta ma’lumot va yozuvlar kiritilib, jami 653,1 million so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Koraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tuman bo‘limi tomonidan Qonliko‘l tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamda «Abdirasuliev Oraqbay» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Qonliko‘l tuman prokuraturasiga yuborildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA