Ma’lumki, respublikamizda 18 ta “Mehribonlik uyi” va 3 ta bolalar shaharchasi faoliyat olib bormoqda.

Ularda 1 ming 868 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Ushbu muassasalarda ham bolalarni tinglash, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarish, motivatsiya berish O‘zbekiston yoshlar ittifoqining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda ilk marotaba ushbu ta’lim muassasalarida Sardorlar kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, bola huquqlari bo‘yicha vakil A.Yunusova, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi I.Xoldorova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sardorlar kengashi a’zolari bilan birgalikda Xo‘jayli tumanidagi Bolalar shaharchasiga tashrif buyurdi.

Mazkur maskanda dastlab bolalar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar o‘rganildi. So‘ngra ular bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, orzulari, armonlariga quloq tutildi.

Bolalarning hech biri ee’tibordan chetda emasligi, faqatgina kelajaklariga ishonishi alohida ta’kidlandi. Ularga motivatsiya berish maqsadida orzulari ijobatiga yo‘l sifatida ko‘ksiga “Yoshlar ittifoqi” va “Kamalak” nishonlari taqildi. Badiiy kitob va o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi. Shuningdek, Sardorlar Kengashiga “Ishonch yorlig‘i” topshirildi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA