Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasiga kirishgan ilk pallalardanoq bu dolzarb masalani alohida e’tiborga olib, odamlarni uy bilan ta’minlash choralarini ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, qishloqlarda, 22 noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi. Ular asosida, o‘tgan to‘rt yilda 140 mingta uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning o‘rtacha soni taqqoslanganda, bu avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4-5 baravar ko‘pdir.

Lekin, shu bilan cheklanib qolinmaydi. Uyga ehtiyoji bor oilalar hali ham ko‘p. Bu bo‘yicha xalqdan murojaatlar bo‘lmoqda. Yana minglab uy-joylar barpo etish, loyiha va qurilish sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlashni hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.