Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va moliya sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida ikkala tomonning faol sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekistonda pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda Amirliklar hukumati tomonidan ko‘rsatilgan yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘z navbatida, vazir Suhayl al-Mazruiy davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Xalifa Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi, shuningdek, mamlakatimizda BAA investorlarining faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Suhbatda xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, Amirliklar bozori va uchinchi mamlakatlarga yetkazish bo‘yicha agrosanoat tarmog‘ida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Muqobil energiyadan foydalanish sohasida, energetika va boshqa muhim infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirishga, shuningdek, yangi ishbilarmonlik tashabbuslari doirasida investitsiyalar portfelini kengaytirish va moliyaviy-texnik ko‘mak dasturlarini ro‘yobga chiqarishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, ta’lim sohasida samarali hamkorlikni kengaytirish hamda Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi tashkilotlari ishtirokida boshqaruv sohasida milliy kadrlarni tayyorlash muhim ekani ta’kidlandi.