2017-yilda dasturga muvofiq mamlakatimiz hududlarida barcha qulaylikka ega bo‘lgan uch turdagi 15 mingta yangi zamonaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joy qurilishi amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda qurilishi to‘liq tugallangan uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. 15 dekabrgacha 12 ming 819 ta uyning qurilishi yakunlandi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan qishloq massivlarida yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi borasidagi chora-tadbirlar va 2018-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dasturda ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylar uchun 15 foizni tashkil etmoqda.
Joriy yilda yangi qurilayotgan uy-joy massivlarida davlat mablag‘lari hisobiga infratuzilma inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda.
– Yangi qurilgan uy-joylarning sifati borasidagi muammolarning oldini olish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish uchun uy-joylarni qurish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarning 5 foiz mablag‘i bir yildan keyin ularning hisobraqamiga o‘tkazib beriladi, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bosh muhandisi Shuhrat Rustamov. – Bu mablag‘ning ushlab turilishiga sabab, agar shu davrda yangi uy-joyda yashayotgan aholidan sifat borasida murojaatlar tushsa, mablag‘ ta’mirlash ishlariga sarflanadi. Bunday shikoyatlar bo‘lmagan taqdirda kafolat muddatidan keyin qurilish tashkilotiga mazkur mablag‘ qaytarib beriladi.