Hindistonning “NewDehliTimes” gazetasi 25 yanvar kuni O‘zbekiston haqida maqola chop etdi.

Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida

Bosh muharrir Ankit Srivastava yozgan maqolasida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidlab o‘tadi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga saylanganidan buyon mamlakat nafaqat rivojlanish davriga guvoh bo‘ldi, balki Markaziy Osiyoda yetakchi davlat sifatida o‘z mavqeini oshirdi. O‘zbekiston Prezidenti xalqaro maydonda islohotchi, deya tan olinmoqda, deyiladi maqolada.

2016 yil 2 sentyabrda mamlakatning Birinchi Prezidenti vafot etganidan so‘ng Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev 88,6 foiz ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi va shu yilning 14 dekabrida qasamyod qilgan, – deb yozadi muallif.

Prezident Mirziyoyev demokratik islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida doimiy ravishda muhim qarorlarni qabul qilib keladi. Uning qarashlarida shunday bir ifodani ko‘rasiz: “Hukumat xalqqa xizmat qiladigan vaqt keldi”. Mirziyoyev O‘zbekistonni savdo va sarmoyalar uchun ochish, odamlar, g‘oyalar va texnologiyalarning erkin oqimiga imkon yaratishga katta e’tibor berdi, deb yozadi, “New Dehli Times” gazetasi.

2017-2021 yillarda Harakatlar strategiyasi yangi O‘zbekiston Prezidentining qarashlariga muvofiq qabul qilindi. Quyidagilar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi:

1) Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish; davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish.

2) Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish; fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash.

3) Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish; tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish;  qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish; viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish.

4) Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish;  aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish; arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish; ta’lim va fan sohasini rivojlantirish; yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish.

5) Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.

Shavkat Mirziyoyev Prezidentligi ushbu majburiyatlar haqiqatga aylantirilishini ta’minladi. Parlament a’zolari xalq bilan muloqot qilishi va o‘z okruglariga muntazam tashrif buyurishlari tavsiya etilgan.

Fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari ancha erkin sharoitda faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolik jamiyat institutlari soni yil sayin ko‘payib bormoqda va bu siyosiy jarayonning faollashuvi hisoblanadi.

Boshqaruv faoliyatida shaffoflik sezilarli darajada yaxshilandi va “TransparencyInternational”ning “Korrupsiyani qabul qilish indeksi – 2019” hisobotida O‘zbekiston 25 pog‘onaga yuqorilagan.

Amaldagi Prezident uzoq muddat hokimiyatda qolsa, ushbu reyting albatta uzluksiz o‘sishda davom etadi.

Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlari ijobiy natijalarni bera boshladi. Biroq, COVID-19 pandemiyasi global iqtisodiy o‘sishga ta’sir o‘tkazishdan oldin, mamlakat sezilarli darajada o‘sishga erishgan.

2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston YAIMning real o‘sishi birinchi chorakdagi 4,1 foizga nisbatan 0,2 foizni tashkil etdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, YAIM o‘sishi 2019 yilning birinchi yarmida 5,8 foizni tashkil etgan. Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM 2021 yil 4,3 foizga, 2022 yilda 4,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish suratlari 3 foizgacha yetishi taxmin qilingani e’tiborga olinadigan bo‘lsa, bu e’tiborga molik. Inson taraqqiyoti indeksining 2020 yilgi hisobotida O‘zbekiston 2019 yildan o‘z pozitsiyasini 2 pog‘onaga oshirdi va hozir 106-o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekistonning bank qonunchiligi (bank to‘g‘risidagi qonun loyihasi so‘nggi yillarda keng miqyosda moliyaviy sektorni tozalash paytida milliylashtirilgan yoki tugatilgan banklarning sobiq egalarining mulk huquqlarini qaytarib olishi yoki pul kompensatsiyasini olishiga to‘sqinlik qiladi) va yer islohotlari (qishloq xo‘jaligi yerlarini sotish taqiqini bekor qilish) Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan ham ma’qullandi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining kredit xatarlari reytingida mamlakatning mavqei yaxshilandi. Jahon bankining “DoingBusiness” reytingi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat 7 pog‘onaga ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 190 mamlakat orasida 8-o‘rinni egalladi va eng yaxshi islohotchilar qatoriga kiritildi.

Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekistonning COVID-19ga qarshi kurashishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan yuqori bahoga sazovor bo‘ldi: “O‘zbekistonda jamoatchilikning yuqori darajadagi xabardorligi, shuningdek, qarorlardan xabardor qilish uchun kunlik yig‘iladigan ma’lumotlarni taqdim etadigan Respublika ishchi guruhi faoliyati qat’iy yo‘lga qo‘yilgan”, deydi mamlakat Prezidenti.

Shuningdek, epidemiyaga javoban milliy diagnostika laboratoriyalari soni ko‘payib, mamlakat bo‘ylab 60 ta tarmoq yaratildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini, ayniqsa, Markaziy Osiyoda yetakchiligini yuksaltirdi. Pandemiya davrida Shavkat Mirziyoyev infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishda boshchilik qildi. O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga gumanitar yordam ko‘rsatgani ham e’tirofga loyiq.

Prezident mamlakatning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligini ta’kidlaydi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif qilingan.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMTning Global antiterror strategiyasi bo‘yicha mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekistonning ushbu takliflari va tashabbuslari Markaziy Osiyoda iqtisodiy, mintaqaviy mavqeni mustahkamlash bilan birga mintaqadagi xavfsizlikni ham mustahkamlaydi, deyiladi maqolada.

O‘zbekiston, shuningdek, Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatishga chaqirdi. Mamlakat Prezidenti Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

“New Dehli Times”, ichki va xalqaro ishlarda Shavkat Mirziyoyevning siyosati muvaffaqiyatli bo‘lganini yozadi. Ankit Srivastava maqola so‘ngida mamlakat ichki siyosatda iqtisodiyot xalq farovonligi uchun xizmat qilishiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

– Xalqaro aloqalar sohasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda yetakchiga aylanib bormoqda, – deydi Ankit Srivastava.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi, O‘zA