O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In oliy darajada ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq 28 yanvar kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadilar.
Muzokaralarning kun tartibidan ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini, mintaqaviy hamkorlik va mamlakatlarimizning xalqaro tashkilotlar doirasidagi sherikligini rivojlantirishga doir dolzarb masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekiston va Koreya yetakchilari siyosiy muloqotning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollarini, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoat va energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalarini tahlil qiladilar.
Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqiladi.
Sammit yakunida raqamli texnologiyalar, loyihalashtirish faoliyati, sog‘liqni saqlash va boshqa muhim yo‘nalishlarda yangi tashabbuslarni ilgari surish ko‘zda tutilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.